Oxirgi daqiqa

O‘zbek adibasi Pushkin medali sohibi bo‘ldi

O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan yozuvchi va tarjimon Muhabbat Yo‘ldoshevaga Rossiyadan ajoyib xushxabar keldi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 30 nafardan ziyod o‘zbek yozuvchilarining 100dan ortiq asarlarini rus tiliga badiiy tarjima qilib, ularning Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi qator davlatlarning nashrlarida chop etilishiga ko‘maklashgan Muhabbat Yo‘ldosheva o‘zbek va rus adabiyoti o‘rtasidagi adabiy do‘stlik aloqalarini yanada rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun “A.S.Pushkin 200 yilligi” medali bilan taqdirlandi va uning nomiga rahmatnoma e’lon qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhabbat Yo‘ldosheva fantast-yozuvchi, jurnalist, ssenarist, kinotarjimon sifatida samarali ijod qilib kelmoqda.

Ijodkor 1964 yil 22 martda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1987 yilda Toshkent Politexnika institutining tog‘-metallurgiya fakultetini tamomlagan. 1989 yildan buyon Muhabbat Yo‘ldosheva O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O‘zbek adibasining fantastik hikoya va ertaklari ingliz, serb, hind, bengal, koreys, qozoq, xitoy, ukrain, belarus, vetnam va rus tillariga tarjima qilingan. Muhabbat Yo‘ldoshevaning asarlari Misr, AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya, Angliya, Pokiston, Ukraina, Qozog‘iston, Vetnam va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan.

Muhabbat Yo‘ldosheva Moskvada o‘tkazilgan “Belaya Srijal” I Xalqaro hikoyalar tanlovida Bolalar adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan. Shuningdek, 2013 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan O‘rta Osiyo mamlakatlari xalqlarining miflari, ertaklari va afsonalari asosidagi ssenariylar xalqaro tanlovida “Ko‘hi-Qof shahzodasi” nomli badiiy film ssenariysi bilan 1-o‘rinni egallagan.

2022 yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Ayolga ehtirom” adabiy tanlovining g‘olibasi bo‘lgan.

N.Usmonova, O‘zA