Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston-Tojikiston: yuridik ta’lim muassasalari o‘rtasida strategik hamkorlik

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, ta’lim va ilm-fan sohasidagi o‘zaro hamkorlik ikki davlat intellektual salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiya tarkibida universitet rektori Sheroz Mo‘minzoda hamda Strategik va xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Komiljon Sharipov ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, yuridik ta’lim sifatini oshirish, kadrlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda xorijiy ta’lim muassasalari bilan aloqalar muhim o‘rin tutadi. Bu borada o‘zaro tajriba almashish, ta’lim va ilmiy faoliyatdagi yondashuvlarni o‘rganish hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Institut va universitet o‘rtasidagi aloqalar yuridik kadrlarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga oid tajribalarni o‘rganish, professor-o‘qituvchilar o‘rtasida ilmiy va kasbiy muloqotni rivojlantirish nuqtai nazaridan ahamiyatli.

Mazkur uchrashuv ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro muloqotni davom ettirish va istiqboldagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA