Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – O‘mon: tarixiy do‘stlikdan strategik sheriklik sari

O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy do‘stlik, o‘zaro ishonch va mushtarak manfaatlar asosida izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot ancha faollashib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Xatamov Maskatdagi “Oman Daily” nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha,mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. O‘zaro investitsiyalar va savdo hajmining o‘sib borishi, qo‘shma loyihalar ko‘lamining kengayishi hamda yaqin istiqbolda yangi investitsiyaviy kelishuvlar imzolanishi kutilayotgani hamkorlikning mustahkam asosga ega ekanini ko‘rsatadi.

Siyosiy muloqot va diplomatik hamkorlik

A.Xatamov fikricha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida turli darajalarda muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2024-yilda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining Maskat shahriga, 2025-yilda esa O‘mon tashqi ishlar vazirining Toshkentga tashriflari ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishladi. Shuningdek, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar izchil davom etmoqda. Jumladan, joriy yil 30-iyun kuni Maskat shahrida mazkur maslahatlashuvlarning to‘qqizinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qildi.

O‘zbekiston elchisining qayd etishicha, ikki o‘lka xalqaro munosabatlarda nizolarni diplomatik yo‘l bilan hal etish, davlatlar suverenitetini hurmat qilish va ularning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiq.

Diplomat O‘mon Sultonligining Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatlarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlariga ham yuqori baho berdi. Xususan, Maskatning AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qilishi, shuningdek, Yaman bilan bog‘liq inqirozni bartaraf etishdagi vositachilik faoliyati alohida e’tirof etildi.

– Ko‘plab davlatlar yillar davomida urush olib borgan, ammo oxir-oqibat muzokaralar stoliga qaytishga majbur bo‘lgan. Murakkabliklarga qaramay, ziddiyatlar va inqirozlarga barham berishning yagona yo‘li shu, -dedi elchi.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston BMT va Islom hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar doirasida O‘monning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini doimiy qo‘llab-quvvatlaydi.

Savdo va investitsiyaviy hamkorlik kengaymoqda

Elchimiz aytishicha, ikki davlt o‘rtasida savdo va investitsiyaviy hamkorlik bosqichma-bosqich rivojlanmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ortib, qo‘shma loyihalar soni ko‘paymoqda. Xususan, O‘zbekiston – O‘mon investitsiya kompaniyasi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika markazlarini modernizatsiya qilish hamda Toshkentda mehmondo‘stlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarga yuzlab million dollar sarmoya yo‘naltirgan.

Diplomat yurtimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay investitsiyaviy muhitga ham to‘xtalib o‘tdi.

– O‘zbekistonga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 2017-yildagi 3 milliard dollardan 2026-yilda 43 milliard dollarga yetdi. Bu o‘n barobardan ortiq o‘sishni anglatadi, -dedi u.

Transport-logistika – hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi

Maskatdagi elchimizning qayd etishicha, hozirda O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi davlatlariga yo‘naltirilgan eksport yuklarining asosiy qismi Turkmaniston va Eron orqali tashilmoqda. Bunda Bandar-Abbos porti muhim o‘rin tutadi. Biroq mintaqadagi so‘nggi voqealar mazkur yo‘nalishdagi import-eksport operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O‘mon portlari va erkin iqtisodiy zonalari O‘zbekiston uchun muhim logistika imkoniyatlarini taqdim etadi. A.Xatamovning ma’lum qilishicha, yaqin vaqt ichida O‘monning So‘har erkin iqtisodiy zonasida logistika xizmatlariga ixtisoslashgan qo‘shma O‘zbekiston – O‘mon kompaniyasi tashkil etilishi e’lon qilinishi kutilmoqda.

Turizm va madaniy-gumanitar aloqalar

Elchining ta’kidlashicha, O‘monga sayohat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni ortib borayotgani kabi, O‘mon fuqarolarining diyorimizga bo‘lgan qiziqishi ham kuchaymoqda. Joriy yil 3-iyuldan Maskat va Toshkent o‘rtasida “Oman Air” aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlari yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, o‘zaro vizasiz safar qilish tartibining joriy etilishi sayyohlar harakatini yanada yengillashtirmoqda.

Shuningdek, diplomat ikki xalqni bog‘lab turuvchi tarixiy va madaniy rishtalar haqida ham so‘z yuritdi. Uning fikricha, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi aloqalar ilk islom davriga borib taqaladi. Xususan, mashhur tarixchi, diplomat va olim Abdurazzoq Samarqandiy Hirot hukmdori tomonidan Hindistonga yuborilgan diplomatik missiya davomida O‘monda ham bo‘lgan.

U milodiy 1442-yil may oyida O‘monga yetib kelgan va safar davomida yuzaga kelgan qiyinchiliklar tufayli to‘rt oy davomida shu yerda qolgan. Olim o‘zining “Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul-bahrayn” asarida O‘mon haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Shuningdek, Umaviylar davrida Xuroson hokimi bo‘lgan o‘monlik sarkarda Muhallab ibn Abu Sufra hamda Buxoroda Ibn Sinoning shogirdi bo‘lgan o‘monlik tabib as-Sahoriy ibn az-Zahabiy faoliyati ham ikki xalq o‘rtasidagi qadimiy aloqalardan dalolat beradi.

– Bizni tarixiy rishtalar bog‘lab turadi. Shuning uchun ham biz ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuksaltirish va izchil mustahkamlashga doimo intilamiz, -dedi O‘zbekiston elchisi.

Diplomatning qayd etishicha, Toshkentda O‘mon Sultonligi ko‘magida tashkil etilgan Beruniy instituti kutubxonasi ikki xalq do‘stligi va ilmiy hamkorligining muhim ramzlaridan biri hisoblanadi. Joriy yilda 40 nafardan ortiq o‘zbekistonlik o‘qituvchi va talaba Sulton Qobus markazida malaka oshirish dasturlarini tamomlagan. Shuningdek, yosh o‘zbekistonlik diplomatlar Maskatda, o‘monlik diplomatlar esa Toshkentda o‘quv kurslarida ishtirok etgan.

Elchi kelgusida O‘monda O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar, folklor chiqishlari va turizmga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Intervyu yakunida Abdusalom Xatamov O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun barcha darajalarda muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Uning fikricha, qo‘shma investitsiyalarni rag‘batlantirish, ishbilarmonlar uchun muntazam forumlar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirish va madaniy hamkorlikni kengaytirish ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqadi.

– Bu mamlakatlarimizga barqaror iqtisodiy o‘sish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash hamda O‘zbekiston – O‘mon munosabatlarini sheriklikning yangi bosqichiga ko‘tarish imkonini beradi, -dedi diplomatimiz.

O‘.Alimov, O‘zA