Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi sohasida kelishuvga erishdi

Ozarbayjon Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Majnun Mamedov mamlakatimizga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan uchrashdi. Bu haqda “Trend” axborot agentligi xabar berdi.

Muzokarada ikki mamlakat agrar tizimi hamkorligining joriy holati, aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabat qishloq xo‘jaligi sohasida ham izchil rivojlanmoqda. Xususan, savdo aylanmasini tezlashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishbilarmonlar sa’y-harakatini faollashtirish va zamonaviy texnologiyalar almashinuvini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv yakunida Ozarbayjon Agrar tadqiqotlar markazi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi bilimi va innovatsiya tizimi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat tadqiqot va ta’lim bo‘yicha sheriklikni chuqurlashtirish, tajriba almashish va ilmiy salohiyatni birgalikda yuzaga chiqarishni nazarda tutadi.

D.Hakimov, O‘zA