O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik hamda strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yo‘nalishlari muhokamaqilindi.

Uchrashuv avvalida Asif Ali Zardoriy davlatimiz rahbarini Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli bo‘lgani munosabati bilan tabrikladi hamda ushbu davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga yangi sur’at bag‘ishlaydigan tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Yangi O‘zbekistonni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuqori baholandi.

Turli darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sib bormoqda. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Islomoboddagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va siyosiy maslahatlashuvlar samarali o‘tkazildi.

Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlararo forumning birinchi yig‘ilishini shu yil Xivada o‘tkazishga kelishib olindi.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi bo‘yicha pozitsiyasi o‘xshashligi hamda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini yana bir bor tasdiqladilar.


Madaniy va gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish hamda ta’lim, ekologiya, sport va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga o‘zaro intilish qat’iy ekani qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardoriyni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.