Bugungi globallashuv sharoitida davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar faqat geografik yaqinlik bilan belgilanmaydi. Bunga O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari yorqin misol. Garchi bu ikki mamlakat chegaradosh bo‘lmasa-da, so‘nggi yillarda iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib, o‘zaro manfaatlarga asoslangan barqaror sheriklik shakllanmoqda.
So‘nggi ma’lumotlar ham shu jarayonning amaliy natijalarini tasdiqlaydi. Xususan, 2024 yil ikki tomonlama savdo aylanmasi 400 million dollardan oshib, qo‘shma korxonalar soni 130 taga yetdi. 2025 yil esa umumiy tovar ayirboshlash qiymati qariyb 450 million dollarga yetgani iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanayotganidan dalolat. Eng muhimi, rasmiy Toshkent va Islomobod yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollardan oshirishni strategik vazifa sifatida belgilagan.
Ayni maqsadga erishish uchun tomonlar savdo jarayonini soddalashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, imtiyozli bojxona tartibi qo‘llanadigan mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, bojxona va sanitariya-tekshiruv tartib-taomilini soddalashtirish va o‘zaro uyg‘unlashtirish ustuvor vazifaga aylangan. Bu amaliyot ayniqsa qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va yengil sanoat tovarlari eksport-importida vaqt va xarajatni sezilarli darajada kamaytiradi.
O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori. Sheriklik farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, to‘qimachilik hamda charm-poyabzal tarmoqlarini qamrab olgan holda bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Ya’ni, aloqalar bir yoqlama emas, balki diversifikatsiyalashgan, uzoq muddatli rivojlanishga yo‘naltirilgan.
Xususan, farmatsevtika eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida ajralib turadi. O‘zbekistonda dori-darmon mahsulotlarining yillik import hajmi 3 milliard dollardan oshadi. Demak, ushbu sohada mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish zarurati juda dolzarb. Shu nuqtai nazardan Pokiston kompaniyalarining mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan farmatsevtika klasterlari doirasida ishlab chiqarish quvvatini tashkil etishga qiziqishi strategik ahamiyat kasb etadi. Bu nafaqat importga qaramlikni kamaytiradi, balki texnologiya transferi va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qiladi.
Transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, bojxona va texnik tartib-taomilni uyg‘unlashtirish hamda investitsiya uchun qulay muhitni yanada takomillashtirish ham yaqin kelajak uchun asosiy vazifalardir. Masalan, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytiruvchi yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilishi nafaqat ikki tomonlama savdo hajmini oshiradi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘priklarni ham mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar bugungi kunda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki davlat o‘rtasida shakllanayotgan o‘zaro ishonch, siyosiy iroda va amaliy hamkorlik mexanizmlari iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Savdo hajmi izchil o‘sishi, qo‘shma korxonalar soni ortishi va ustuvor tarmoqlarda hamkorlik faollashuvi sheriklik barqaror va uzoq muddatli xususiyatga egaligini ko‘rsatadi.
Umuman, O‘zbekiston – Pokiston savdo-iqtisodiy hamkorligi faqat ikki mamlakat manfaatlari bilan cheklanib qolmay, keng ko‘lamli mintaqaviy hamkorlik va barqaror taraqqiyot garoviga ham aylanmoqda. Mavjud salohiyatdan to‘liq va samarali foydalanish, o‘zaro manfaatli loyihalarni izchil amalga oshirish orqali tomonlar kelgusida belgilangan yuksak maqsadlarga erishishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Maqola Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi a’zosi Odamboy Yo‘ldoshev ko‘magida tayyorlandi.