Oxirgi daqiqa

Iordaniya Senati Raisi O‘zbekistonning falastinliklarga yordamini yuksak baholadi

Oliy Majlis Senatiga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti Majlis al-A’yan (Senati) Raisi Faysal Akif al-Fayez boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlar, xususan, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat xalqlarini mushtarak tarix, madaniy aloqalar va umumiy qadriyatlar bog‘lab turishi qayd etildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda.

2025 yilda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi bosqichni boshlab bergani alohida ta’kidlandi. Ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar va qabul qilingan “yo‘l xaritasi” izchil tatbiq etilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga, Majlis al-A’yan Raisi Faysal Akif al-Fayez O‘zbekiston yuzlab falastinliklarga boshpana bergani, ularga ko‘rsatayotgan ijtimoiy himoya va insonparvarlik yordamini yuksak baholab, Yaqin Sharq mamlakatlari nomidan samimiy tashakkur bildirdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish, hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Ikki davlatning mavjud imkoniyatlaridan foydalangan holda iqtisodiy loyihalarni kengaytirish hamda qulay investitsiya muhitini yaratish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar, ta’lim, turizm va diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda, shuningdek farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi hamda konchilik sohalarida hamkorlikni yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati yuzasidan o‘zaro tajriba almashish masalalariga urg‘u berildi.

Joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senatida Iordaniya parlamenti yuqori palatasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etilgani qayd etilib, uning faoliyati doirasida parlament qo‘mitalari o‘rtasida ham muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki mamlakat parlamentlari yuqori palatalari o‘rtasida tizimli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Faysal Akif al-Fayez Oliy Majlis Senatining Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA