Oxirgi daqiqa

Ijtimoiy himoya sohasida O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi

Ortda qolgan yilda barcha sohalar qatorida ijtimoiy himoya tizimida ham yuqori natijalarga erishildi. Xususan, reabilitatsiya xizmatlari sifatini oshirish, nogironlikni belgilashda yagona elektron platforma joriy qilinishi shular jumlasidan. Bunda xalqaro hamkorliklar va o‘zlashtirilgan tajribalarning ham o‘rni beqiyos. Shuni hisobga olgan holda joriy yilda ham xalqaro hamkorliklar soni ortishi reja qilingan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi — Yuy Szyun bilan uchrashuv o‘tkazib, ikki tomonlama hamkorlikning joriy holati haqida fikr almashdi va aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini yanada chuqurlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha muhokamalar olib bordi.

Muzokaralar davomida inson salohiyatini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, shuningdek, bolalarni zo‘ravonlik va boshqa turdagi kamsitishlardan himoya qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari Xitoyning nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy-reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, ijtimoiy himoya muassasalarini ovqat bilan ta’minlash tizimini shakllantirish va boshqa amaliy yo‘nalishlardagi ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq qilish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv so‘ngida sohani yanada rivojlantirish maqsadida ustuvor ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun grant mablag‘larini jalb qilish masalalari ko‘rib chiqilib, Xitoyning ixtisoslashgan jamg‘armalari, xayriya tashkilotlari va xalqaro rivojlanish yordami mexanizmlarining tajriba-sinov tashabbuslarini moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Do‘stona ruhda olib borilgan muzokaralar har ikki tomon uchun ham kelgusida manfaatli hamkorliklarning bardavom bo‘lishidan darak berdi desak, yanglishmagan bo‘lamiz.

Sherbek Islomov, O‘zA