O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Polshaning Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash milliy markazi direktori o‘rinbosari Leshek Ivanyuk boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi bozorlarini tahlil qilish, resurslarni samarali boshqarish va ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Qayd etish lozimki, Polsha Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida O‘zbekiston mahsulotlarining eng yirik importchisi sanaladi. Qishloq xo‘jaligi sohasi Polsha iqtisodiyotining eng muhim tarmog‘idir.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Polsha bilan talabalar almashinuvi ham yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. U ushbu sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun manfaatli ekanini qayd etdi.
Tomonlar chorvachilik, kichik qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalarini ishlab chiqarish hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning O‘zbekistonda tashkil etiladigan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirokini ta’minlash masalalarida ham fikr almashdi.
Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini import va eksport qilish sohasida hamkorlikni kuchaytirish, bog‘dorchilikda Polsha tajribasini joriy etish, shuningdek, polshalik agrar mutaxassislarni O‘zbekistonga jalb qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA