Oxirgi daqiqa

Uch yo‘l tutashuvi – porloq kelajakka ochilayotgan yo‘l!

Munosabat

Insoniyat tarixida qo‘shni davlatlarni birlashtiruvchi g‘oyalar har doim mintaqa taraqqiyotining lokomotiviga aylangan. Ming yillik do‘stlik-birodarlik, hamjihatlik kabi ezgu tushunchalar xalqlarimizning taqdirini belgilovchi asosiy omillar sifatida qaralgan. «Kuch – birlikda» degan hikmat hayotiy haqiqat sifatida asrlar sinovidan o‘tib kelgan.

Ustozlarimiz gugurt donasining bittasi oson sinishi, ko‘pi birlashtirilsa, sinmasligi orqali birlik timsolini uqtirib, birlashgan holda ulkan ishlarni amalga oshirish mumkinligidan ta’lim bergan edi. Endilikda muallimlar aytgan oddiy hayotiy haqiqat yuksak siyosiy doirada, mintaqaviy darajada o‘z isbotini topayotganini ko‘rib qalbda g‘urur tuyasan kishi.

Joriy yil 31 mart kuni Xo‘jand shahri tarixiy voqea – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlarining uch tomonlama sammitiga mezbonlik qildi. Oliy darajadagi uchrashuv nafaqat o‘zbek, tojik, qirg‘iz xalqlari hayotida, balki butun Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifani ochib berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ishtirokidagi uch tomonlama oliy uchrashuv mintaqaviy hamkorlikda misli ko‘rilmagan muhim bosqichni boshlab berdi.

Muzokaralar doirasida tomonlar o‘zaro iqtisodiy, milliy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy, transchegaraviy aloqalarni yanada mustahkamlash, umumiy muammolarga birgalikda yechim topish va barqaror taraqqiyotga zamin yaratish maqsadida qator strategik kelishuvlarga erishdi. Ayniqsa, davlatlar chegarasining tutash nuqtasi bo‘yicha tarixiy delimitatsiya-demarkatsiya shartnomalarining imzolanishi hamkorlik mustahkam poydevorga aylanib ulgurganidan dalolatdir.

Shubhasiz, ushbu tarixiy voqea, nafaqat siyosiy aloqalarning mustahkamlanishi, balki uch xalq o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ruhiy yaqinlikning amaliy ifodasidir.

«Uch yo‘l tutashuvi» deganda endi nafaqat geografik, balki ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy jihatdan tutashgan taqdirlar, umumiy manfaatlar va kelajak yo‘llari tushuniladi.

Globallashuv sharoitida har bir davlat mustaqil ravishda rivojlanib borayotgan bo‘lsa-da, o‘zaro integratsiyalashib, bir-birining resurslarini to‘ldirib borishda kompleks yondashuvlar ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Qishloq xo‘jaligining 70 foizi qo‘shni davlatlardan o‘tadigan daryolardan suv ichuvchi O‘zbekiston uchun suv resurslariga ehtiyoj mavjud bo‘lsa, Tojikiston va Qirg‘iziston zamini tabiiy suv manbalariga boy. O‘z navbatida, O‘zbekiston texnika, texnologiya va industrial sanoatda jadal rivojlanayotgan davlatdir. Bu esa, tabiiy boyliklar va texnologik imkoniyatlarni o‘zaro to‘ldirish asosida «resurs ayirboshlash» strategiyasini amaliyotga joriy etishga imkon yaratadi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi birodarlik va institutsional hamkorlik, ayniqsa, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning o‘zaro aloqalari, mintaqaning barqarorligi va taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu uch davlatning tabiiy resurslari va iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini to‘ldirishi, ularning strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik oxirgi yillarda sezilarli darajada kuchaygan. Misol uchun, tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar oshgan, qo‘shma korxonalar soni esa 15 barobar ko‘paygan. Shu munosabat bilan hukumatlar tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazishni, shu jumladan, o‘zaro mahsulotlarni yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish va chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirishni maqsad qilganlar.

Prezidentlar sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishni va energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika va agrosanoat kabi turli tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaganlar. Bundan tashqari, suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqot olib borish davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston – Tojikiston chegarasida xalqaro savdo zonasini yaratish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish maqsadida ulgurji tarqatish markazlarini qurish kabi loyihalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, agrosanoat, to‘qimachilik, farmatsevtika, kimyo, metallurgiya, elektrotexnika, mashinasozlik va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish zarurligi qayd etilgan.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2,3 barobar oshgan. O‘zbekiston Tojikiston bilan ijobiy savdo balansiga ega bo‘lib, MDHda Moldovadan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan. O‘zbekistonning Tojikistonga tovar eksporti 67 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Tojikistondan O‘zbekistonga 94 million dollarlik mahsulotlar import qilingan.

Shu bilan birga, Tojikistondan O‘zbekistonga asosan alyuminiy, elektr energiyasi, paxta tolasi, ruda, sement, charm, pilla, ipak xomashyosi va boshqa mahsulotlar eksport qilinmoqda. O‘zbekistondan Tojikistonga esa to‘qimachilik mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, plastmassa mahsulotlari, poyabzallar, keramika va elektr uskunalari kabi tovarlar yetkazib berilmoqda.

Uch Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston – o‘zaro tabiiy resurslari va texnologik imkoniyatlari bilan bir-birlarini mukammal to‘ldiradi. O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoji bor ekan, Tojikiston va Qirg‘iziston mo‘l gidroenergetika salohiyatiga ega bo‘lib, bu o‘zaro manfaatli energiya almashinuviga katta imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning ilg‘or sanoat texnologiyalari Tojikiston va Qirg‘izistonning iqtisodiy rivojlanishida katta rol o‘ynashi mumkin, bu esa mintaqaviy integratsiyani yanada kuchaytiradi.

O‘zbekiston Qirg‘izistonga avtomobillar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, o‘g‘itlar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va qurilish materiallarini yetkazib berish orqali iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda. Qirg‘iziston esa O‘zbekistonga ko‘mir, go‘sht, sut, meva-sabzavotlar va trikotaj mahsulotlari kabi tovarlarni taklif qila oladi. Bu tovarlarning almashinuvi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

2016 yilga nisbatan O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida qo‘shma korxonalar soni sezilarli darajada, ya’ni 8 barobar oshgan va hozirgi paytda ularning soni 320 tadan ortiqni tashkil etadi. 2017 yil 16 avgustda Bishkek shahrida ikki davlat o‘rtasida chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muhim hukumatlararo bitim imzolangani, hududiy nizolarni hal etishda katta qadam bo‘lmoqda. Natijada 2024 yilga kelib, tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshgan, bu qo‘shma investitsiya fondlarining samarali faoliyati va turli sohalardagi kooperatsiya loyihalarining amalga oshirilishi bilan bog‘liq.

Hududlararo va ishbilarmonlik aloqalari, madaniy almashinuvlar faollashgani savdo va investitsiyalar oqimini kuchaytirgan. Uch tomonlama savdo maydonchasini tashkil etish va sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun doimiy ko‘rgazma-yarmarkalarni yo‘lga qo‘yish kabi yangi tashabbuslar muhokama qilinmoqda.

Kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston rahbari qo‘shma investitsiya jamg‘armalarining kapitalini bosqichma-bosqich oshirishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, transport aloqalarini rivojlantirish, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish kabi tadbirlar davom etmoqda.

«Yashil» energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalar, suv va ekologiya dasturlari ham diqqat markazida bo‘lib, bular mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va xalqlar farovonligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardir.

Sherzod QURBONOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

xodimi, ekspert.

O‘zA