Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Pokiston xalqlari manfaatlariga oid rejalar faol amalga oshiriladi

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barqaror rivojlanib bormoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol hamkorlik amalga oshirilayotir. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni bajarishda parlamentlar ham muhim o‘rin tutmoqda.

Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruk uchrashuvida qayd etildi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim o‘rin tutadigan parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratdi.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, transport va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mazkur sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga, ularning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishishga qaratilgan qo‘shma madaniy tadbirlarni o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilingani uchrashuvning muhim jihati bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishiga, ikki davlat xalqlari manfaatlari yo‘lida belgilangan rejalar faol amalga oshirilishiga ishonch bildirildi.

N.Abduraimova,

O‘zA