Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko boshchiligidagi yirik kompaniya rahbarlaridan iborat delegatsiya Buxoro viloyatida bo‘ldi.
Mehmonlar dastlab “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkida bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Zirabod massivida barpo qilishga kirishilgan mazkur ob’ektning tashkil etilishi natijasida Buxoro viloyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sanoat quvvatlarini ishga tushirish, ichki va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratilishiga erishiladi.
Bunda birinchi bosqichda 300 million AQSH dollari qiymatiga teng bo‘lgan loyiha amalga oshiriladi. Bu – viloyat iqtisodiyotiga yiliga 250 million AQSH dollari miqdoridagi qo‘shilgan qiymat, shuningdek, 2 mingta ish o‘rni, qolaversa, 250 milliard so‘mga teng soliq tushumi va 100 million AQSH dollariga teng mahsulot eksport qilish imkonini beradi.
Oleg Korobchenko viloyat hokimi Botir Zaripov bilan hududda jadal olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish ob’ektning investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shu yerda mehmonlarga viloyatning savdo iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi uchrashuvlarda rossiyalik hamkorlar tomonidan maxsus sanoat parki ishtirokchilari va boshqaruv kompaniyasi uchun qo‘llaniladigan qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Shundan kelib chiqib, tomonlarning loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Bu borada hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tatariston delegatsiyasining viloyatga tashrifining rasmiy qismi Botir Zaripov va Oleg Korobchenkoning uchrashuvi bilan davom etdi.
Ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion masalalar atroflicha muhokama etilib, istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Bu borada muhim kelishuvlarga erishildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.