Respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko‘tarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin oshirish, sayyohlarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish borasida Turizm qo‘mitasi tomonidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari asosida maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilgan. Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish, xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda solig‘ini 50 foizga kamaytirish kabi imtiyozlar belgilangan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan hamma viloyat, shahar va tumanlarda sayyohlar boradigan joylarni ko‘paytirish kerakligi bo‘yicha topshiriq berilgan. Har bir viloyat hokimi ichki va chetdan turist jalb qilish bo‘yicha “turistik halqasi” tashkil etish yuzasidan o‘z loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.
Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekistonda nechta turizm qishlog‘i bor?
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, respublika bo‘ylab Jizzax viloyatida “Duoba” turizm qishlog‘i, Navoiy viloyatida Sentob, Qashqadaryo viloyatida “Miraki”, Samarqandda “Konigil” turizm qishlog‘i, “Bog‘ibaland” turizm mahallasi, “Tersak” turizm qishlog‘i, Surxondaryo viloyatida “Sangardak” MFY, “Sina”, “Omonxona”, Toshkent viloyatida “Ovjazsoy” turizm qishlog‘i, “Ertoshsoy” turizm qishlog‘i, “Chashma”, “Kumushkon” turizm qishloqlari, Namangan viloyatida “Nanay”, “Chodak” turizm qishloqlari kabi jami 15 ta turizm kishlog‘i tashkil etilgan. Joriy yil yakuniga qadar Navoiy viloyatining “Langar” va Andijon viloyati “Imom ota” qishlog‘ining ham turizm qishlog‘iga aylantirilishi rejalashtirilgan.
2025 yilda 6 ta turizm qishlog‘i hamda turizm mahallalarini tashkil etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Bular, Buxoro viloyatida “Shirin” hamda “Qo‘rg‘on” turizm qishloqlari, Farg‘ona viloyatida “M.Topvoldiyev” turizm mahallasi, Andijon viloyatida “Shirmonbuloq” turizm qishlog‘i, Jizzax viloyatida “Novqa”, “Uzunbuloq” turizm mahallalari. Soha vakillarining ta’kidlashicha, salohiyatli qishloqlarga “turizm qishlog‘i” “turizm mahallasi” maqomi beriladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, turizm qishloqlari barpo etilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 iyuldagi tegishli qarori bilan 16 ta talab belgilangan.
Xususan, fuqarolar yig‘ini hududida xorijiy va mahalliy turistlarni qabul qilish uchun kamida 20 ta oilaviy mehmon uyi bo‘lishi kerak. Fuqarolar yig‘ini hududida turistlarga kamida 5 ta sifatli turistik xizmat (turar joy va (yoki) ovqatlanish xizmatlaridan tashqari) taqdim etilishi kerak. Shuningdek, fuqarolar yig‘ini hududida mahalliy ishlab chiqarilayotgan esdalik sovg‘alari mahsulotlari (kamida bitta savdo nuqtasi) sotish shoxobchalari tashkil etilishi lozim. Hududda kuzatilishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisalar va xavfli hududlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lishi kerak.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA