Mamlakatimizda 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov jarayonini 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi. Ular yangilangan saylov qonunchiligi asosida o‘tgan siyosiy jarayonlarni kuzatib, o‘z fikrlari va xulosalarini bayon qildi.
Sergey Lebedev, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Bosh kotibi:
– O‘zbekistonda saylovga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgan, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari tomonidan keng ko‘lamda tashviqot materiallari tayyorlangan. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonining o‘zida 1 milliondan ortiq fuqarolar ovoz bergan. Bu O‘zbekiston saylovchilarining faolligidan, parlamentga qanday nomzod saylanishiga befarq emasliklaridan dalolatdir. Saylov kuni ham saylovchilar ko‘tarinki, bayramona kayfiyatda. Ovoz berish jarayonlari qonunchilikka mos tarzda tashkil etildi. Umuman, saylov demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkoralik ruhida o‘tdi.
Biz har safar O‘zbekistonga tashrif buyurganimizda, respublika hayotidagi ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lamiz. Toshkent va viloyat markazlarining qiyofasi tobora o‘zgarib bormoqda. Saylovlar tinch va osoyishta, yuqori darajada tashkillashtirilgan va saylov qonunchiligiga rioya qilingan holda o‘tkazildi.
Azay Guliyev, YeXHTning DIIHB missiyasi vakili:
– O‘zbekiston tarixida birinchi marta parlament saylovlari aralash saylov tizimi asosida o‘tkazildi. Bu jarayonda ayollarning ishtiroki ham 40 foizdan oshgani muhim ahamiyatga ega.
O‘tgan yillarga qaraganda, O‘zbekistonning parlament saylovi tizimida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bergan. Saylovchilarga jarayonda ishtirok etishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Shu o‘rinda saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganimdan mamnun ekanimni izhor etmoqchiman. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va xushmuomalaligini alohida e’tirof etish lozim.
Ilyos-Muhammad Umaxanov, Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashi Fan, ta’lim va madaniyat masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari:
– MDH Parlamentlararo Assambleya ekspertlarining katta guruhi uzoq muddatli kuzatuv missiyasini olib bordi. Saylov qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida izchil o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qabul qilingan qonunlar va Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar o‘zbek jamiyati hayotining barcha jabhalarini demokratlashtirish jarayoni davom etayotganidan dalolat beradi. Ushbu saylov butun o‘zbek xalqining referendum natijasida Konstitutsiyaga kiritilgan yangiliklaridan so‘ng, qabul qilingan qarorlar natijasida Oliy Majlisning ikkala palata vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiradigan birinchi saylovdir. Do‘st, qardosh o‘zbek xalqiga muvaffaqiyatlar tilayman. Ishonchim komilki, ular eng avvalo, o‘zbek xalqining farovonligi va rivojlanishini o‘ylaydigan, O‘zbekiston suvereniteti va uning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash haqida qayg‘uradigan eng munosib nomzodlarni tanladilar.
Fuvad Tovfiq, Maldiv saylov komissiyasi raisi:
– O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyurdim. Saylovda barcha jarayonlar yaxshi tashkil qilinganini ko‘rdim. Yevropadan, Osiyodan, Afrikadan va boshqa turli davlatlardan saylovni kuzatish uchun kelgan kuzatuvchilar uchun ajoyib sharoitlar yaratilgan.
Beshta hududda beshta saylov uchastkasini ko‘zdan kechirdik va saylov jarayoni juda samarali o‘tayotganini ko‘rdik. Hech qanday muammoni kuzatmadik. Shuningdek, elektron ovoz berish imkoni mavjud bo‘lgan ikkita saylov uchastkasiga ham bordik. Saylovchi elektron ovoz berish yoki byulleten orqali ovoz berishni xohlasa, shunga imkoniyat bor. Har kim o‘z xohishiga ko‘ra ovoz berish usulini tanlay oladi. Bu elektron ovoz berish yo‘lida juda yaxshi qadam, deb o‘ylayman. Chunki bugungi davr elektron ovoz berishga o‘tishning vaqti kelganini ko‘rsatmoqda. Maldivda hali ham qog‘oz byulletenlardan foydalaniladi.
Zafar Navaz Jaspal, (Pokiston) Quaid-i A’zam universiteti siyosat va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani:
– O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi xalqaro demokratik tamoyillarga mos ravishda, tashkiliy jihatdan yuqori saviyada o‘tkazildi. Fuqarolarning saylov huquqidan erkin va ochiq foydalanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Mamlakat hududidagi barcha saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini tashkil etishda umumiy tashkiliy standartlar asosida ish tashkil etilgani e’tirofga loyiq.
Fuqarolar mamlakat kelajagi uchun daxldorlik va mas’uliyatni chuqur his qilgan holda o‘zlarining saylov huquqlaridan foydalanganiga guvoh bo‘ldim. Bir so‘z bilan aytganda, saylovda barcha qatlam a’zolarining faol ishtiroki ularning ertangi kunga ishonchi va bugungi ko‘tarinki kayfiyatidan darak beradi.
Fibi Favzi, Misr Senati raisi o‘rinbosari:
– O‘zbekistonda ilk marotaba majoritar-proporsional tizimda o‘tkazilgan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganimdan bag‘oyat mamnunman.
Ushbu saylovlarda ayol nomzodlarning ko‘pligi, oddiy xotin-qizlarning ham ushbu muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etgani, ko‘plab saylov uchastkalari rahbarlari aynan ayollardan iborat ekanligi e’tiborimni tortdi. Qayd etish kerakki, Sharq xalqlari orasida bunday faollik va uning hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy rivojlanish, zamonaviy yangi avlod shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
Jyoti Arora, Hindiston Maktab ta’limi markaziy kengashi a’zosi:
– O‘zbekistondagi parlament saylovi har doimgidek yuksak demokratiya, shaffoflik, adolat va erkinlik ta’minlangan jarayonning yorqin ifodasi bo‘ldi. Saylovda kuzatuvchi sifatidagi ishtirokimiz arafasida O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgan brifing va boshqa anjumanlarda ishtirok etdik, mamlakatda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni haqida to‘la tasavvurga ega bo‘ldik. Ushbu tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro muloqotga ochiqligi va demokratik institutlarni mustahkamlashga sodiqligini aks ettirdi.
Saylov kuni Toshkent shahridagi qator saylov uchastkalarida saylovchilarning faolligini kuzatdim. Ovoz beruvchilar ishtirokini rag‘batlantirish, shaffoflikni ta’minlash, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga ko‘rsatilgan e’tibor yuksak darajada edi. Saylov uchastkalari a’zolarining erkin va adolatli saylov muhitini ta’minlashga intilishi bizga ishonch bag‘ishladi.
Xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonda demokratik jarayon adolat va halollik tamoyillari asosida izchil rivoj topayotganiga guvoh bo‘lganimni ta’kidlamoqchiman.
Tatyana Xekker, Germaniyaning “Berliner Telegraph” gazetasi muxbiri:
– Biz Buxoro shahrida ikkita saylov uchastkasida bo‘ldik. Uchastkalarda qonunchilik doirasida tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan, saylov kabinalari, saylov qutilari joylashtirilgan edi.
Buxoro – tarixiy shahar. Ko‘chalarda, bozorlarda odamlar bilan muloqot qilganimizda fuqarolar ularning ovozi ertangi taraqqiyot uchun, bolalarining kelajagi hamda musaffo ekologiya uchun muhim ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.