Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili Oliver Stolpe bilan uchrashdi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar sarhisob qilinib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari, yangi maqsad va rejalar muhokama qilindi.
A.Burhonov O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatida xalqaro hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini qayd etdi. Bu borada BMT tuzilmalari, xususan, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi doimo Agentlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
BMTning mintaqaviy platformasi doirasida zamonaviy tajribalarni almashish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishilayotganini alohida ta’kidladi.
O.Stolpe O‘zbekistonning aksilkorrupsiya siyosatidagi muhim islohotlar, xususan, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yangi preventiv mexanizmlarni joriy etish, sohada raqamlashtirishni rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning 2030 yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya loyihasida belgilangan maqsadlar, yoshlar orasida korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni shakllantirish, jumladan, BMTning GRACE dasturini amalga oshirish ishlarining ijobiy samarasiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, biznesda halollik va xususiy sektorda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish lozimligiga ham urg‘u berdi.
Muloqot yakunida O.Stolpe Agentlik tomonidan hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilgari surilgan o‘zaro manfaatli takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni istiqbolda amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA