Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi(YeXHT DIIHB)ning uzoq muddatli kuzatuvchilari Nikolay Paus (Norvegiya) va Meri Boland (Irlandiya) Toshkent viloyati hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev va komissiya a’zolari tomonidan mehmonlarga hududda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xalqaro kuzatuvchilar Nurafshon shahrida joylashgan binodagi yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ularga saylov stendlari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha xaritasi, fuqarolarni qabul qilish va komissiya a’zolari xonasi, matbuot markazi ko‘rsatildi. O‘zaro suhbat davomida xalqaro kuzatuvchilarga joylarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etilishi, shu kunlarda bo‘layotgan barcha tashkiliy ishlar haqida aytib o‘tildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Toshkent viloyatida bir mandatli 7 ta saylov okrugi tuzildi hamda Respublika partiya Kengashlari tomonidan 35 nafar nomzod ko‘rsatildi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashiga 60 ta saylov okruglari tuzildi. 60 ta saylov okrugiga 5 ta partiyadan 300 nafar nomzod ko‘rsatildi. Shahar-tumanlarda deputatlik o‘rinlariga jami 530 ta o‘rin belgilangan bo‘lib, to‘liq nomzodlar taqdim etildi. Hududda 1 ming 6 ta saylov uchastkasi tuzilgan bo‘lib, ularda saylovga oid qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar, zarur zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan.
Uchrashuvda xorijlik mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shu bilan birga, ular o‘zi faoliyati haqida ham aytib o‘tdi. Shundan so‘ng ular hududlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatishda davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.