Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi: o`zaro muloqotni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Fransiyaning Parij shahrida O‘zbekiston tahlil markazlari delegatsiyasi “Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlarining dolzarb masalalari va O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi. Tashrif doirasida yevropalik hamkorlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi elchixonasi hamda Yevropa rivojlanish va xavfsizlik instituti (IPSE) hamkorligida tashkil etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston va Fransiyaning yetakchi tahlil markazlari vakillari, diplomatlar, siyosatchilar hamda Yevropaning turli mamlakatlaridan 40 ga yaqin xalqaro ekspertlar qatnashdi.

Xalqaro tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston ekspertlar hamjamiyatidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Tashqi siyosiy tadqiqotlar markazi rahbarlari va yetakchi tahlilchilari ma’ruza qilishdi.

Jumladan, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, “O‘zbekiston- Yevropa Ittifoqi” formatidagi hamkorlik to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi. Turli sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalar yoritib berildi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda kechayotgan mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaning rivojlanishi, xususan, mintaqaviy hamkorlik institutsionallashuvining istiqbollari hamda “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

O‘z navbatida Fransiya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga katta qiziqish bildirib, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar uchun mamlakatimiz bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish muhimligini ta’kidladi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

Jumladan, Yevropa rivojlanish va xavfsizlik instituti direktori E.Dyupyui O‘zbekiston Fransiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori ekanligini va ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik jadal rivojlanib borayotganligiga e’tibor qaratdi.

IPSE rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda, mamlakat ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritmoqda hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Tadbir yakunida Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan tashrif buyurgan siyosiy va iqtisodiy doiralari vakillari O‘zbekistonning yetakchi tahlil markazlari va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

M. Hojiakbarova, O‘zA