Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Qozog‘iston: munosabatlarda yangi formatdagi konstruktiv rivojlanish...

Munosabat

Xalqimizda «Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi», degan birodarlik, jipslik, yaxshi qo‘shnichilik kabi maqsadlarga undovchi naql bor. Darhaqiqat, o‘zbek va qozoq xalqining tomiri tutash, turkiyzabon, an’analari va eposi yaqin, chegaradosh bo‘lgan qo‘shni ellar sanaladi. Ikki mamlakatning tinch-totuvligi, iqtisodiy barqarorligi doimo strategik ahamiyat kasb etib, bugungi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlikni mustahkamlab bormoqda.

Joriy yilning 7-9 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga ko‘ra davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ldi.

Ushbu oliy darajadagi uchrashuv yangi formatdagi savdo-iqtisodiy sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik asosidagi konstruktiv hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirdi. Mintaqaviy xavfsizlik siyosatini qo‘llab-quvvatlash, samarali investitsiyalarni kengaytirish, temir yo‘l, transport-kommunikatsiya, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi aloqalarni innovatsion rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarga boy bo‘ldi.

Industrial sanoat ko‘lami kengayib, eksport salohiyati oshib borayotgan mamlakatimizda chegaralar orqali tranzit o‘tkazuvchanlikni yaxshilash, transport va logistika infratuzilmasini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat o‘rtasida temir yo‘l, avtomobil yo‘llari, aeroportlar va bojxona rasmiylashtiruv punktlarini modernizatsiya qilish ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘tgan asrning boshida mustaqil bo‘lib, rasman diplomatik aloqalarni boshlagan bo‘lsa-da, so‘nggi yetti yildagi kabi jadal taraqqiy etmagan edi. Masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 1992 yil iyun oyida diplomatik shartnoma tuzilgan bo‘lib, 1998 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasida «Abadiy do‘stlik» shartnomasi imzolangan, ammo bugungi shiddatli integratsiyalashuvni ko‘rib, hamkorlik 2016 yilga qadar samarali kechmagan, deb ayta olamiz. Vaholanki, ikki mamlakat bir-birini to‘ldiradigan iqtisodiy infratuzilmalar, tabiiy resurslarga boy bo‘lgan, biroq mintaqa taraqqiyotidan institutsional foydalanilmagan.

Tarixiy burilishlarning guvohimizki, ikki mamlakat o‘rtasida 2016 yildan jadal integratsiyalashuv boshlanib, O‘zbekiston yetakchisining 2017 yil 22-23 mart va 2021 yil 5-6 dekabr kunlari Qozog‘istonga davlat tashriflari, o‘z navbatida, Qozog‘iston yetakchisining 2019 yil 14-15 aprel va 2022 yil 21-22 dekabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashriflari yangi bosqichdagi o‘zaro hamkorlik uchun asosli turtki bo‘ldi.

Oliy darajadagi izchil tashriflar tufayli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi qo‘shma loyihalar hayotimizga keng tatbiq qilindi. Hududlararo aloqalar, o‘zaro hamkorlikning yanada mustahkamlanishi 2018 yildan yangi bosqichga ko‘tarilib, «Hududlararo hamkorlik forumi» an’anaviy yo‘lga qo‘yildi. Ikki davlatning chegaradosh viloyatlari rahbarlari o‘zaro mahsulot yetkazib berish, yangi hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish masalalarida yaqindan konstruktiv muloqot olib bormoqda.

2021 yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro sayyohlik oqimini ko‘paytirishga oid «Yo‘l xaritasi» turizm infratuzilmalarini rivojlantirish va inson kapitalini unga yo‘naltirishga asos bo‘ldi. Zamonaviy iqtisodiyotning drayveri bo‘lgan mintaqaviy sayyohlik oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari mamlakatimizga qozog‘istonlik turistlar oqimini oshirdi. Qo‘shni davlatdan yurtimizga kelayotgan sayyohlar soni 2021 yildan buyon uch-to‘rt baravarga oshdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi, favqulodda pragmatik diplomatik siyosiy irodasi ikki davlat xalqaro siyosat maydonida investitsiyaviy, strategik va ekologik masalalarda BMT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tashkilotlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko‘plab masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqinligi ittifoqdoshlikning yorqin namunasidir.

Taqqoslash uchun…

Yangi O‘zbekiston davrigacha o‘tgan vaqtni bugun bilan atroflicha taqqoslab o‘tsak, ko‘p millatli, demografik o‘sib borayotgan xalqimiz manfaatlarini ko‘zlagan holda mintaqaviy ulkan islohotlar natijasini ko‘rishimiz mumkin.

Oliy darajadagi muzokaralarda prezidentlar o‘zaro ikki mamlakat savdo aylanmasini 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ikki davrni solishtirsak, shu vaqtda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi iqtisodiy o‘sish taqriban 4 barobarga farq qilib, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarni kuzatish mumkin.

Haqiqatan ham so‘nggi yetti yillik Yangi O‘zbekiston fenomenida revolyutsion o‘zgarishlarga yuz tutdi. Qo‘shni davlatlar bilan ochiq, konstruktiv rivojlanish bo‘yicha do‘stona aloqalarni tiklash, chegaralarni delimitatsiya, demarkatsiya qilish bo‘yicha samarali va amaliy sa’y-harakatlar olib borildi. Industrial sanoatda integratsiyalashish bo‘yicha olib borilgan samimiy munosabatlarda Markaziy Osiy mintaqasi bir yoqadan bosh chiqarib taraqqiy eta boshladi.

Tovar va xizmatlar

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bugungi kunda dunyoning 198 ta davlati bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan. MDH davlatlari va boshqa xorijiy davlatlar orasida 2023 yilda O‘zbekistonning tovar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy qardosh hamkorlari orasida Qozog‘iston (5,6 foiz), Turkiya (5,1 foiz) Afg‘oniston (3,5 foiz), Qirg‘iziston (2,6 foiz)ga o‘sgan.

Tahlillardan ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda O‘zbekistonda 1250 dan ortiq Qozog‘iston korxonasi, Qozog‘istonda esa o‘zbek kapitali ishtirokida 1400 dan ortiq kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda.

Darhaqiqat, 1250 ta Qozog‘iston kapitali ishtirokida korxonalar tashkil etilishi aytishga oson, mazkur korxonalar xalqimiz farovonligi, yoshlarimiz uchun muqim ish o‘rinlari va mamlakatimiz tashqi aylanmasining garovidir.

Bunday ulkan iqtisodiy saldo o‘z-o‘zidan hosil bo‘lib qolgani yo‘q. Bu erishilgan pragmatik rivojlanish zamirida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning yuksak tashabbuskorligi, ilmiy salohiyati va mintaqaparvarligi mujassam.

Shu yilning 7-9 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Ostona shahriga borganda, Qozog‘iston Respublikasining "Oltin Qiron" (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirlandi.

Qardosh mamlakatning oliy davlat mukofotini O‘zbekiston yetakchisiga Prezident Qosim-Jomart Toqayev tantanali ravishda topshirdi.

"Oltin Qiron" oliy ordeni bilan davlat arboblari Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun taqdirlanadi.

Bugun mintaqamiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil qiladi. Bu demografik o‘sish esa, keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, foydalanilmagan tabiiy resurslarni innovatsion texnologiyalar asosida ishga tushirish orqali qo‘shimcha qiymat yaratishni taqozo qiladi. Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat o‘tgan davrda savdo iqtisodiy sheriklikda vaqt va masofa imkoniyatlaridan keng foydalanib, tovar ayirboshlash hajmini ikki barobarga, qo‘shma korxonalar sonini besh barobar ko‘paytirdi.

Navbatdagi muzokaralarda logistika hajmini yanada oshirish, yirik kooperatsiya loyihalarini keng ko‘lamda tashkil etish ilgari surildi. Bu borada kadrlar tayyorlash qo‘shma dasturlarini ko‘rib chiqish maqsadida oliy darajadagi uchrashuvda davlat yetakchilari tomonidan 2034 yilga qadar dastur ko‘rib chiqildi.

Mazkur dasturda ijtimoiy-siyosiy va hududiy, xalqaro va mintaqaviy hamda «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida o‘zaro birdamlikni yanada mustahkamlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

Ikki davlat rahbarlari tomonidan bir qator istiqbolli dasturlar, jumladan, Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurish, yirik loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish, tranzit yuk tashish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, qo‘shma logistika majmualarini qurish kabi masalalarda muzokaralar olib borildi.

Ikki davlat yetakchilari tomonidan Qozog‘iston va O‘zbekiston, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi transport yo‘nalishlari uchun muhim tranzit davlatlar hisoblanishi e’tiborga olinib, yangi temir yo‘llar qurilishi va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtirishga kelishildi.

Zero, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi temir yo‘l Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘l nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi transport aloqalarini ta’minlaydi, balki xalqlarimizning Buyuk ipak yo‘lidagi ulkan iqtisodiy hamkorlikni ham kuchaytiradi.

Sherzod QURBONOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot

universiteti xodimi,

ekspert.

O‘zA