Oxirgi daqiqa

Yangi O‘zbekiston va ijtimoiy davlat...

Tahlil va taklif

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, jumladan, nogironligi bo‘lgan insonlar manfaatlariga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizdagi ko‘plab muassasalar, ko‘chalar va bekatlar imkoniyati cheklangan shaxslar harakatlanishi uchun moslashmaganligi asosli tanqid qilindi.

Davlatimiz rahbari bu haqda to‘xtalar ekan, “Maktab va kollejlarda sharoit yo‘qligi sababli ota-onalar nogironligi bor farzandini uzoqdagi maxsus internatga joylashtirishga majbur. Bu oila uchun, ayniqsa, bola uchun juda og‘ir”, dedi kuyinib.

Aslida ham, Prezidentimiz ochiq va achchiq haqiqatlarni gapirdi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini ta’minlash borasidagi bunday achinarli ahvol, afsuski, ko‘p yillardan buyon barham topmay kelayotgani bor gap.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilgan sharoitlar: monitoring va tahlil

Bundan o‘n yil oldin, ya’ni 2014-yil noyabrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining ishchi guruhi Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarga transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish bo‘yicha yaratilgan qulayliklarni o‘rgangan edi. Monitoring jarayonida Oloy va Farhod bozorlari, yirik do‘konlar va shifoxonalar, eng gavjum maskanlar yaqinidagi bekat va yo‘laklar, yer usti va yer osti o‘tish yo‘llari, avtobuslar va svetoforlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi nuqtayi nazaridan qanchalik moslashtirilgani borasidagi ko‘plab kamchiliklar aniqlangan.

O‘shanda hatto poytaxtimiz markazida joylashgan va nogironligi bo‘lgan insonlarning ishi eng ko‘p tushadigan manzil – Respublika nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markaziga boradigan yo‘l va yo‘laklar ham nogironlik aravachalari yurishiga mutlaqo moslashtirilmagan ekan.

Shu tahlillar asosida 2015-yili Milliy markaz tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositalaridan foydalanishga oid huquqlarining ta’minlanishi holati monitoringi yakunlari bo‘yicha tahliliy ma’ruza” (Toshkent, 2015, 165 bet) tayyorlandi va chop etildi. BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va milliy qonunchilik talablari doirasida nashr etilgan mazkur qo‘llanma hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari, aloqador vazirlik, tashkilot va muassasalar mas’ullari hamda fuqarolik jamiyati faollari ishtirokida keng muhokama qilindi. Ushbu nashr tegishli tashkilotlarga amaliyotda qo‘llash uchun beg‘araz taqdim etildi.

Ammo, keyingi yillarda ham mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar bu boradagi vaziyat ijobiy tomonga keskin o‘zgarmaganini ko‘rsatdi. Buning tasdig‘i uchun ikkita misol keltiramiz.

Birinchi misol. 2022-yil may oyida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning mamlakatimiz hududlarida bajarilishi holati monitoring qilindi.

Natijada quyidagi muammolar aniqlangan:

• nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni moddiy qo‘llab­quvvatlashning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yilmagan;

• oliy ta’lim muassasalari va maktablar binolari nogironligi bo‘lgan shaxslar mustaqil harakatlanishi uchun qulay emas;

• ta’lim muassasalarida Brayl alifbosidagi darsliklar yetarli emas;

• metro va avtobus bekatlarini qurish bo‘yicha loyiha hujjatlari qulay jismoniy muhitni yaratish bo‘yicha nogironlar jamoat tashkilotlari tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmagan.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ana shu muammolarni hisobga olgan holda ishlab chiqildi. Bu hujjat Qonunchilik palatasi va Senat kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi.

Yanada muhimi, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 27 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab­quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora­tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mazkur monitoring natijasida ishlab chiqilgan takliflar hisobga olindi. Ushbu qarorda, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul tibbiy, yuridik va boshqa xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish hamda shart­sharoitini yaxshilash nazarda tutilgan.

Ikkinchi misol. 2023-yil aprel oyida Toshkent viloyati va oktyabr oyida Navoiy viloyatida joylashgan jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha monitoring amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida quyidagi kamchiliklar aniqlandi:

• 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan mahkumlarning ayrimlarida jazoni o‘tashiga to‘sqinlik qiladigan doimiy davolanishga muhtoj kasalliklar mavjud bo‘lib, mazkur kasalliklar “Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar ro‘yxati”ga kiritilmagan;

• davolash-profilaktika yordami ko‘rsatish xodimlari, ayniqsa, oliy ma’lumotli shifokorlar yetarli emas, ularga to‘lanadigan maosh miqdori ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarga nisbatan kam;

• muassasalardagi davolash punktlarining moddiy-texnika bazasi lozim darajada emas, masalan, rentgen, UZI apparatlari mavjud emas, shuningdek, ular nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan;

• muassasalardagi ishlab chiqarish binolari, sexlardagi dastgohlar jismonan va ma’naviy eskirgan, ularni yangilash kerak;

• O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasidan – “lex.uz”, shuningdek, “advice.uz” huquqiy axborot portalidan foydalangan holda mahkumlarga kerakli huquqiy axborotni taqdim etish imkoniyatini yaratish lozim.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va tashkilotlarga tavsiyalar kiritildi. Monitoring xulosalari asosida Jinoyat ijroiya kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, “Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar uchun davlat xizmatlari, shu jumladan, notariat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bo‘yicha takliflar tegishli tartibda taqdim qilindi.

Nogironlarning transportdan foydalanish huquqi: muammolar va ularning yechimlari

Bu borada 2023-yil noyabrida Samarqand shahrida o‘tkazilgan monitoring asnosida ham bir talay muammolar aniqlandi. Rasmiy litsenziya asosida shahardagi va shahar atrofidagi yo‘nalishlarda harakatlanadigan avtobuslarning asosiy qismi – taxminan 74 foizi tor kirish eshigi va zinapoyalarga ega «Isuzu» avtobuslaridan iborat bo‘lib, ular nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun moslashtirilmagan.

Aksincha, shaharda tobora ko‘payib borayotgan zamonaviy «Yutong» elektrobuslarida hatto eshitish qobiliyati zaif bo‘lganlar uchun axborot tablolari o‘rnatilgan, bekatlarning ovozli tarzda e’lon qilinishi uchun texnik imkoniyat ham mavjud. Lekin mazkur qulay funksiyadan negadir amalda foydalanilmayapti.

Samarqand ko‘chalarida avtobuslar bekatlarning yaqiniga borib to‘xtamaydi. Avtobus pandusi bekatning chet qismiga yetib bormaydi, natijada aravachada harakatlanuvchi nogironligi bo‘lgan shaxs avtobusga mustaqil ravishda kira olmaydi yoki tusha olmaydi. Bekatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun joylarni ko‘rsatadigan belgilar hamda bekat va trotuarlarda ko‘zi ojiz shaxslar harakatlanishi uchun taktil qoplamalar mavjud emas.

Monitoring davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir qator takliflar tayyorlandi va tegishli tartibda taqdim qilindi.

Birinchi taklif: yangi qurilgan avtobus bekatlarini foydalanishga topshirishni qabul qilish jarayonida komissiya tarkibiga nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkiloti vakillarini kiritish lozim.

Ikkinchi taklif: avtobus bekatlari, temir yo‘l vokzallari va boshqa jamoat muassasalari binolaridagi panduslarni qat’iy ravishda o‘rnatilgan davlat standarti asosida qurish talab etiladi.

Uchinchi taklif: Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, Avtomobil transporti agentligi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining 2018-yil 7-avgustdagi tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslar avtotransport vositalarining to‘xtab turish joylariga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi Nizom”ga qat’iy rioya qilish zarur.

To‘rtinchi taklif: Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlashga doir talablarning 51-bandida avtobus bekatlari joylashishini tanlash va qurilishi to‘g‘risida norma mavjud. Mazkur banddan kelib chiqib, bekatlarni qurishda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni yaratishga jiddiy e’tibor qaratish darkor.

Milliy markaz tomonidan “Transport to‘g‘risida”gi qonunni nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash nuqtayi nazaridan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Parlamentda ayni takliflarning inobatga olinishi bu yo‘nalishdagi salbiy holatlarga maqbul yechim bo‘ladi.

Yangi O‘zbekiston – konstitutsiyaviy ijtimoiy davlat tizimi

Davlatimiz rahbari joriy yil 1-mart kuni Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida yurtdoshlarimiz bilan jonli muloqot qilar ekan, saxovat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik keng namoyon bo‘ladigan muqaddas Ramazon oyida ehtiyojmand insonlar, ayniqsa, farzandlarimiz holidan xabar olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

Shuning uchun eshitishda nuqsoni bor 500 nafar bolaga bepul koxlear apparati va boshqa implantlar qo‘yish uchun 62 milliard so‘m ajratiladigan va yana 2 ming nafar bola eshitish moslamasi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Paralimpiya sport turlari bilan shug‘ullanayotgan xorazmlik 10 nafar yoshlarga 7 turdagi zamonaviy sport protez va reabilitatsiya vositalari olib berilishi belgilandi.

Bularning barchasi, bir tomondan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asos solgan mutlaqo yangicha yondashuv – Ijtimoiy himoya milliy tizimini izchillik bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi amaliy qadamlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasidagi ijtimoiy sohaga oid ustuvor chora-tadbirlar ijrosining samaradorligini ta’minlaydi.

Yanada muhimi, 2023-yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Yangi O‘zbekistonning tub mohiyatini tavsiflovchi “beshta ustun” belgilangan bo‘lib, xususan, Asosiy qonunning 1-moddasida O‘zbekiston – ijtimoiy davlat ekani mustahkamlab qo‘yildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar 3 barobar oshdi.

Ma’lumki, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya – BMTning XXI asrda qabul qilingan birinchi shartnomasidir. O‘zbekiston ushbu Konvensiyani 2021-yilda ratifikatsiya qilgani tom ma’noda tarixiy voqea bo‘lib, shu ma’noda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha mustahkam huquqiy asos yaratildi.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga qat’iy kirishildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha ishlar tubdan yangicha, ta’bir joiz bo‘lsa, haqiqiy insonparvar qiyofa kasb etmoqda.

Bunda, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish, ishga joylash va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim yaratilishi ko‘zda tutilgani katta ahamiyat kasb etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ishlash va kasb-hunarga o‘qitishda to‘siqsiz muhit yaratish uchun kelgusida ularning nogironligi kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi faolligiga qarab belgilanishiga e’tibor qaratilayotgani ham juda muhim.

Yaqindagina Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 55-sessiyasida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish eng ustuvor vazifalardan biri etib belgilanganligi yana bir bor uqtirilgani bejiz emas. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda o‘z o‘rnini topadi”.

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori.

O‘zA