Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – Germaniya: hamkorlikning yangi davri

Butun kuch-quvvati bor, mahorati, imkoniyatini xalq, davlat, mamlakat ravnaqi va istiqboliga yo‘naltirib, aholining turmush darajasini ko‘tarish, yashash sharoitini yaxshilashni bosh maqsad sifatida belgilangan davlat uchun nima zarur, deb so‘rasalar, hech ikkilanmay tinchlikka, to‘kin-sochinlikka, baxt-u kamolga olib boradigan yo‘l, o‘rnak bo‘la oladigan davlat boshqaruvi, shunday mamlakatning bor salohiyatini yuzaga chiqara oladigan xalq, millat, deya javob bergan bo‘lar edik.

Dunyoda insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgan, tarixi ibratli, tajribasi boy, xalqi mehnatkash davlatlar bisyor. Germaniya ulardan biri hisoblanadi. Insoniyat turmush tarzini mutlaqo o‘zgartirib yuborgan inqilobiy ixtirolar – avtomobilsozlikdan tortib og‘ir yo‘l-transport halokati chog‘ida inson hayotini saqlab qolish imkonini oshiradigan xavfsizlik yostiqchasigacha, rentgen apparatidan “aspirin” deb nomlanuvchi dori vositasigacha, kompyuterdan boshlab chip yoki juda ommabop mr3 audio formatigacha aynan Germaniyada kashf etilgan.

Bu mamlakatda qadimdan ilm-fan, san’at, madaniyatga alohida e’tibor qaratiladi. Bu ishlarga davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, alohida qobiliyat, xislatlar nemis xalqining qoni bor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dunyo tan olgan yozuvchi, shoirlar Iogann Gyote, Frans Kafka, Erix Mariya Remark, Tomas Mann, Genrix Byoll, mashhur kompozitorlar Iogann Sebastyan Bax, Kristof Villibald Glyuk, Feliks Mendelson, Lyudvig van Betxoven, Rixard Vagner, Iogannes Brams, Rixard Shtraus – bularning bari nafaqat nemis millatining, balki butun jahon xalqlarining buyuk ijodkorlaridir.

Germaniya iqtisodiyoti yildan-yilga rivojlanayotgan davlatlardan biridir. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Germaniya iqtisodiyoti AQSH, Xitoy va Yaponiyadan keyingi o‘rinda turadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining aholisi turmush darajasi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlarni aniqlaydigan indeksi bo‘yicha Germaniya 191 davlat orasida 9-o‘rinni egallagan. Bundan 70-75 yil muqaddam Ikkinchi Jahon urushida iqtisodiyoti to‘la izdan chiqqan yurt bugun yalpi ichki mahsulot miqdori bo‘yicha jahonda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga erishgan.

Dunyo olimlari zamonaviy bozor iqtisodiyotining ilmiy-nazariy va amaliy asosini “nemis iqtisodiyoti mo‘’jizasi” mualliflari Lyudvig Erxard va Frans Oppengeymer nomi bilan bog‘lashadi. Germaniya O‘zbekistonga mahsulot eksport qilish bo‘yicha Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Koreya Respublikasi va Qirg‘izistondan keyin 7-o‘rinda turadi. Alohida qoniqish bilan qayd etish joizki, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabat so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. Buni so‘nggi olti yil ichida Germaniya O‘zbekistonga mahsulot yetkazib berishni 2,2 barobarga oshirgani misolida ham ko‘rish mumkin. Boshqacha aytganda, ikki davlat o‘rtasida tovar va xizmat ayirboshlash 530 million dollardan 1,2 milliard dollarga ko‘tarildi. Yaqin yillarda o‘zaro mahsulot turlarini ko‘paytirish, diversifikatsiya qilish hisobiga ayni ko‘rsatkich yana ikki barobar o‘sishi kutilyapti.

Iqlimi, suvi, tuprog‘i, ob-havosi biznikidan farq qiladigan Germaniyada O‘zbekistonning ajoyib tabiati, saxiy quyoshi mahsuli, mirishkor dehqon, mohir bog‘bonlarimiz qo‘li bilan yetishtirgan meva-sabzavot, ayniqsa, nemislar yaxshi ko‘radigan ho‘l va quritilgan meva, sof paxta-yu toza ipakdan tayyorlangan to‘qimachilik mahsulotlari, tikilgan tayyor kiyim-kechak, shuningdek, sanoat mahsulotlari juda xaridorgir.

Har qanday yurt taraqqiyoti ko‘p jihatdan mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyaga bog‘liq. Shu ma’noda O‘zbekistondek ildam rivojlanayotgan mamlakat boy va texnologik jihatdan rivojlangan davlatlar bilan investitsiyaviy hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yishi eng to‘g‘ri yo‘l. Binobarin, Germaniya hozirgacha O‘zbekistonga kiritgan 5,5 milliard dollar investitsiyaning 4 milliardi so‘nggi bir-ikki yilga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda yuzdan ortiq qo‘shma korxona to‘la nemis kapitali yoki mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Mashhur “KLAAS” konserni, “Lemken” qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaradigan korxona, shisha tolasi tayyorlaydigan “Falk Porshe”, yo‘l qurilishi uchun asfalt-beton qorishmasi yetkazib beradigan “Pappenburg” kompaniyasi, shuningdek, “Xyugo Boss”, “Karl Gross”, “Digel”, “Engelberg Straus”, “Doyche Kabel” kabi bank, biznes tuzilmalari mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Yana bir mashhur korxona – “MAN Nutzfahrzeuge AG” “O‘zavtosanoat” aksionerlik kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqandda 3 million yevro ustav fondiga ega avtomobil texnikasi ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etgan. Ayni paytda Samarqand avtomobil zavodida 18 tonnagacha yuk tashiydigan avtomashinalar, 37 yo‘lovchi sig‘imli avtobuslar yig‘ilmoqda. Korxona yiliga to‘rt mingta mashina ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019-yil yanvar oyida Germaniya – O‘zbekiston ishchi kengashi, nemis iqtisodiyoti Sharq qo‘mitasi vakillari, Germaniya energetika agentligi, shuningdek “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Günter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Deutsche Bank” kabi tuzilmalar mutasaddilari, rahbar xodimlari bilan uchrashgan edi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 2-3-may kunlari Germaniyaga navbatdagi rasmiy tashrifi chog‘ida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan hukumatlararo deklaratsiya imzolandi. Muloqot chog‘ida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion-texnologik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyiha va dasturlar haqida so‘z bordi. An’anaga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi nemis biznesining ilg‘or vakilari bilan ham uchrashdi.

Ta’kidlash joiz, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham ikki davlat rahbarlarining doimiy e’tiborida. Prezidentimiz oxirgi safari chog‘ida poytaxt Berlinda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga oid ko‘rgazma ochilishida qatnashdi. Shuningdek, O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganish bo‘yicha kompleks Dastur tayyorlash, Toshkentda faoliyat yuritayotgan Gyote instituti faoliyatini yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Kansleri Olaf Shols taklifiga binoan 28-30-sentyabr kunlari amaliy tashrif bilan Berlin shahrida bo‘ladi. Tashrif dasturiga muvofiq, Federal Kansler Olaf Shols va Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama muzokara, shuningdek, Markaziy Osiyo va Germaniya davlat rahbarlarining uchrashuvlari rejalashtirilgan. Mamlakatimiz yetakchisi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan ishbilarmonlik tadbirlarida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, ikki davlat rahbarlarining qat’iy irodasi, amaliy sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston – Germaniya munosabatlari jadal rivojlanmoqda. Prezidentimizning olmon diyoriga bu galgi tashrifi ham ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Irismat ABDUXOLIQOV, O‘zA sharhlovchisi