Qatar Amiri Samarqandda tantanali kutib olindi

Qatar Amiri Samarqandda tantanali kutib olindi

Oliy martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Ikki davlat bayroqlari va gullar bilan bezatilgan aeroportda Qatar Amiriga xalqimizga xos yuksak mehmondo‘stlik ko‘rsatildi. Boy milliy madaniyat va san’atimiz namunalari namoyish etildi. Kuy-qo‘shiqlar ijro qilindi.

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da ushbu mamlakat rahbari ilk bor yurtimizga davlat tashrifini amalga oshirmoqda. Bu keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani natijasidir. Jumladan, yaqinda Toshkent shahrida Qatar davlatining elchixonasi ochildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 5 iyun kuni qabul qilingan farmoni bilan Qatar fuqarolari uchun vizasiz tizim joriy etildi.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bunda, eng avvalo, faol siyosiy muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish e’tibor markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini ham muhokama qiladilar.

Z.JONIBEKOV, G‘.HASANOV, O‘zA