Qozog‘iston elchisi Namanganda

Qozog‘iston elchisi Namanganda

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlarining tashriflari davomida erishilgan kelishuvlar asosida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganligi ta’kidlandi. Muloqotda Namangan viloyati hamda Qozog‘iston Respublikasi hududlari o‘rtasida iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy va turizm sohasida aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Namangan viloyatida Qozog‘iston sarmoyasi ishtirokida ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, tekstil sohalari bo‘yicha 13 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. O‘tgan 2022-yilda 112 million 519 ming AQSH dollar miqdorida o‘zaro tashqi savdo aylanmasi amalga oshirildi. Shu jumladan, eksport hajmi 44 million 610 ming dollar, import ulushi esa 67 million 909 ming dollarni tashkil etdi. Namangandan Qozog‘istonga asosan meva-sabzavotlar va tekstil mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, qo‘shni davlatdan yurtimiz bozorlariga qora metall, kimyoviy buyumlar va oziq-ovqat (un, yog‘) mahsulotlari kirib kelgan.

Muloqot davomida Namanganning bugungi iqtisodiy salohiyati, to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalari faoliyati, shuningdek, ko‘tarinki ruhda davom etayotgan Xalqaro gullar festivali bo‘yicha ma’lumot berildi. Shavkat Abdurazzoqov viloyatdagi 80 ga yaqin kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda istiqbolli loyihalarda Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillarini jalb etish har ikki tomon manfaati uchun xizmat qilishini ta’kidladi. Elchi Namangan viloyatining iqtisodiy salohiyatini, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va sifatini yuqori baholadi va turli sohalarda hamkorlik qilish borasida bir necha takliflarni bildirdi.

Do‘stona ruhda kechgan uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA