O'zbekiston va Germaniya hamkorligi davom etadi

O'zbekiston va Germaniya hamkorligi davom etadi

Tashrif doirasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov elchi bilan uchrashdi. Viloyat rahbari elchini Buxoroga tashrifi bilan qutladi. Hududning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati bilan tanishtirdi. Viloyatning investitsiya imkoniyatlari, eksport va turizm salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazilib, videorolik namoyish etildi.

Muloqotda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida so‘nggi yillarda o‘zaro manfaatli sohalarda aloqa faollashgani e’tirof etildi. Davlat rahbarining joriy yil 2-3-may kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga qilgan tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, ikki tomonlama munosabatlarning bugungi rivoji Germaniyaning O‘zbekistonda demokratik islohotlarning yangi yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlab kelayotganidan, ikki tomonlama munosabatlar esa sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi. Buxoro viloyatida 430 dan ortiq xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 6 tasi Federativ Respublikasi kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar hisoblanadi. Xususan, dunyodagi eng yirik gips asosidagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchisi Germaniyaning KNAUF kompaniyasi Buxoroda faol va muvaffaqiyatli biznes yuritib, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirmoqda. Shunga mos ravishda kompaniyaning viloyat iqtisodiyotidagi o‘rni va ahamiyati ham oshib bormoqda. 2022-yilda Buxoro viloyati va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 26,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Eksport hajmi 2,9 million dollar va import hajmi 23,4 million dollarga yetgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida esa Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 8,6 million AQSH dollarini tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 105 foizga o‘sgan. Shu jumladan, eksport hajmi 2,6 million dollar va import hajmi 6 million dollarga yetgan.

Germaniya Federativ Respublikasidan Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2022-yilda 6 670 nafarni tashkil etgan bo‘lib, 2021-yilga nisbatan 4 baravarga o‘sgan. Joriy yilning o‘tgan davrida 3 680 nafarga yaqin germaniyalik sayyoh sifatida viloyatimizga kelgan. Uchrashuvda bu boradagi mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar keng muhokama qilindi. Jumladan, Buxoroda Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan savdo-investitsiyaviy, oqova suv va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, ta’lim, tibbiyot, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Tilo Klinner Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, aloqalarni mustahkamlash, barcha sohada jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekiston – Germaniya hamkorligini yanada kengaytirish xususida fikr bildirdi. Shuningdek, loyihalarning amaliy ijrosi yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Tashrif dasturidan elchining “Knauf Gips Buxoro” qo‘shma korxonasi rahbariyati bilan uchrashuvi, Gazli shahridagi yer osti gaz saqlash inshooti faoliyati va Buxoroning diqqatga sazovor tarixiy ob’ektlari bilan tanishuvi o‘rin olgan.

Zarif Komilov, O‘zA