O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi: hamkorlik yanada kuchaytiriladi

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi: hamkorlik yanada kuchaytiriladi

Muloqot davomida mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining turli yo‘nalishlari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Senat Raisi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida keyingi yillarda turli darajadagi muloqot faollashganini ta’kidlab, Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari, xususan, Yevropa Kengashi, Yevropa Ittifoqi komissiyasi va Yevropa parlamenti vakillarining O‘zbekistonga amaliy tashriflari, mamlakatimiz hukumati va parlamenti vakillarining esa Yevropa Ittifoqiga tashriflari amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.

– Biz O‘zbekiston va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani davom ettirish tarafdorimiz, – dedi T.Norboyeva. – Bu borada “O‘zbekiston – “Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilgan muloqot muhim o‘rin tutadi.

Mehmonlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida faol ishtirok etayotganini e’tirof etdi.

–Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, Yevropa Ittifoqining yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etishga katta ahamiyat beriladi, – dedi T.Xakala. – Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda kechayotgan tub demokratik yangilanishlarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi, bu borada barcha sohalarda xalqaro umume’tirof etilgan prinsiplarga sodiqligini olqishlaydi. “Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston” muloqotini amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova,

O‘zA