O‘zbekiston va Singapur munosabatlari rivojida parlamentlararo aloqalarning o‘rni

O‘zbekiston va Singapur munosabatlari rivojida parlamentlararo aloqalarning o‘rni

Dunyo bo‘yicha jinoyatchilik darajasi juda past ko‘rsatkichni tashkil qiladi. Bu kabi ijobiy holatlarni yuzlab keltirish mumkin.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil bo‘ldi. Shunga qaramasdan ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadallashuvi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil yanvar oyida Singapurga tarixiy tashrifi yakunida erishilgan kelishuvlar bilan bevosita bog‘liq.

Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston – Singapur biznes-forumi tashkil etilib, uning doirasida umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik yangi investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangan edi. Ayni kunga qadar tashrif davomida erishilgan barcha kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.

E’tiborlisi, ushbu do‘stona hamkorlik aloqalar oradan qisqa vaqt o‘tib Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqubning 23-25-may kunlari mamlakatimizga qilgan javob tashrifi doirasida yanada jadallik kashf etdi.

24-may kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, jamoat xavfsizligi va madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha muloqotlarni faollashtirish masalalariga katta e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda ulkan yutuqlarga erishilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, yil boshidan o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari bir necha barobarga oshib, Singapur O‘zbekistonning eng yirik investorlari safiga kirdi.

Bugungi kunda Singapurning “Indorama”, “Meinhardt Group”, “Franklin Templeton”, “Enercon”, “PSA”, “Changi Airport” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va to‘qimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, ta’lim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalarning amalga oshirilishi faol pallaga kirgan.

Shu bois, muloqot davomida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham batafsil ko‘rib chiqildi. Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasidagi O‘zbekiston – Singapur biznes-forumi natijalari savdo, logistika, innovatsiyalar, energetika, sog‘liqni saqlash kabi sohalarda yetakchi kompaniyalarning investitsiyaviy sherikligini kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Singapur Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2023-2026-yillarga mo‘ljallangan 10 ga yaqin hamkorlik to‘g‘risida bitim va memorandumlar imzolandi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Prezident Halima Yaqub va parlament a’zolari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot jarayonida bevosita ishtirok etish orqali, yana bir bor Singapurdek dunyoda yetakchi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga ega bo‘lgan davlatda mamlakatimiz tarixi va taraqqiyotiga juda katta qiziqish bildirilishiga amin bo‘ldim.

Xususan, suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar rivojlanishida parlamentlararo aloqalarning o‘rni muhim ekanligi, shu bois, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, fan-ta’lim, davlat xizmatchilarining kasbiy va boshqaruv salohiyatini oshirishdagi Singapurning ilg‘or tajribasini o‘rganishda parlamentlararo munosabatlarni yanada jadallashtirishga kelishib olindi.

O‘z navbatida, Halima Yaqub xonim O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, xotin-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi. O‘zbekistonning boy ma’naviy merosidan yaxshi xabardor ekanligi, shu bois, o‘zbek xalqi madaniyati va san’atiga oid ko‘rgazmalarni Singapur va unga tutash bo‘lgan Osiyo mamlakatlarida ham namoyish qilish borasida o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.

Albatta, ushbu muloqot davomida bildirilgan barcha fikr va mulohazalarni hayotga tatbiq etish uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjud. Sababi, Taraqqiyot strategiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Osiyo – Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar bilan o‘zaro aloqaga katta e’tibor berib kelmoqda. Xususan, dunyoning yirik moliya markazlaridan biri Singapur bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani fikrimizning yaqqol tasdig‘i bo‘la oladi.

Muzafara ABDIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA