Prezident Shavkat Mirziyoyevning YeTTB Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi nutqi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning YeTTB Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishidagi nutqi

Hurmatli Reno-Basso xonim!

Mintaqa davlatlari rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va izchil sa’y-harakatimiz natijasida bugun Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikning yorqin namunasiga aylanib bormoqda. Jumladan, qo‘shnilarimiz bilan iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish maqsadida biz qo‘shma investitsiya fondlarini tashkil etdik, sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligida bir qator yirik loyihalarni boshladik. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xorijiy hamkorlarimizni bunday mintaqaviy loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etamiz.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

So‘zimning yakunida yana bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman: bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda.

Samarqandga 71 ta mamlakat hukumatlari vakillari tashrif buyurgani ham ushbu davlatlar bilan o‘zaro manfaatli loyihalarni boshlashga katta turtki berishiga aminman.

Bugungi “O‘zbekiston investitsiya taqdimoti”da mamlakatimiz biznes sohasida qanday katta imkoniyatlarga ega ekani atroflicha ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, anjuman doirasida bo‘lib o‘tadigan sessiya va uchrashuvlarda sizlarga yangi loyihalar batafsil taqdim qilinadi.

Shu kunlarda anjumanning har bir ishtirokchisi O‘zbekistondagi yangi biznes yo‘nalishlarini o‘zi uchun kashf etishiga ishonaman. Shu bilan birga, yurtimizning qadimiy tarixi, betakror madaniy merosi, xalqimizga xos mehmondo‘stlik va ochiqko‘ngillik fazilatlari sizlarda unutilmas taassurotlar qoldiradi, deb o‘ylayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, faoliyatingizda katta yutuq va omadlar, anjuman ishiga esa muvaffaqiyatlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.