Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston jahon ziyorat turizmi markaziga aylanmoqda

Samarqand shahrida xalqaro ziyorat turizmi haftaligi ochildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda yurtimiz va xorijiy davlatlardan turizm sohasi va diniy tashkilotlar, nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etmoqda.

Marosim Qur’on tilovati bilan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov haftalik ishtirokchilarini tabriklab, mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– Yurtimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ziyorat turizmiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi A.Abduhakimov. – Chunki, mamlakatimizda turli din vakillari uchun ziyorat turizmi ob’ektlari juda ko‘p va bu maskanlarga keluvchi sayyohlar oqimi yil sayin oshmoqda. Ayniqsa, musulmon dunyosida juda mashhur bo‘lgan ulug‘ allomalar, aziz avliyolar nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlarimizga kelishni istovchi sayyohlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu sababli bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 2019 yil fevral oyida Buxoroda xalqaro ziyorat turizmi forumini o‘tkazgan edik. Mazkur forum yakunlari bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasi qabul qilingan. O‘tgan davr mobaynida deklaratsiyada belgilangan vazifalar asosida yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, sayyohlarga qulay va xalqaro standartlarga mos sharoit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Natijada mamlakatimiz islom ziyorat turizmi bo‘yicha dunyo davlatlari orasida to‘qqizinchi o‘ringa chiqdi. Vaholanki, 2017 yilda biz 32-o‘rinda edik. Joriy yilda Singapurda o‘tkazilgan musulmon dunyosi ziyorat turizmi bozorini rivojlantirishga bag‘ishlangan sammitda Samarqand “Yilning eng yaxshi islomiy manzili” deb e’tirof etildi. Islom Hamkorlik Tashkilotining Bokuda o‘tkazilgan bu yilgi majlisida Xiva shahri 2024 yilda islom dunyosi turizm poytaxti deb e’lon qilindi. 2023 yilda Samarqand BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) ning 25-assambleyasiga mezbonlik qiladi va “Butunjahon turizm poytaxti”ga aylanadi.

Marosimda shuningdek, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSIKA) Bosh direktori Mahmud Erol Qilich, Singapurdagi “Crescent Rating” kompaniyasi eksperti Baxarden Fazal, Koreya musulmonlar federatsiyasi prezidenti Kim Dong Yok va boshqalar so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish, muqaddas ziyoratgohlarni obod qilish va bu maskanlarga sayyohlarga qulayliklar yaratish borasida olib borilayotgan ishlarni e’tirof etdi.

– Men shu soha bo‘yicha xalqaro ekspert bo‘la turib yaqin vaqtgacha O‘zbekiston deyilsa, Imom Buxoriyni bilganim uchun faqat Buxoroni tushunardim, – deydi Singapurdagi “Crescent Rating” kompaniyasi eksperti Baxarden Fazal. – Keyinchalik shu sohada tadqiqotlar olib borishimiz jarayonida O‘zbekistonda turizm, xususan, ziyorat turizmga alohida e’tibor qaratilib, zarur chora-tadbirlar ko‘rila boshlangach, tasavvurlarim o‘zgarib bordi. Biz 2015 yildan buyon 140 dan ortiq davlatning ziyorat turizmi bozoridagi o‘rni bo‘yicha reytingini e’lon qilib boramiz. Dastlabki tadqiqotlarimizda O‘zbekiston o‘ttiztalikdan pastda edi. Mamlakatda keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar, turizmni rivojlantirish uchun tanlangan to‘g‘ri strategiya tufayli bu yil kuchli o‘ntalikka kirdi, ya’ni hozirda to‘qqizinchi o‘rinda qayd etilmoqda. Yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yana ham yaxshilanishiga, O‘zbekiston dunyo ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylanishiga ishonamiz.

Kunning ikkinchi yarmida haftalik doirasida Samarqand xalqaro turistik markazi “Boqiy shahar” majmuasi va “Konigil turizm qishlog‘i”da “Zamonaviy islomiy me’morchilik” ko‘rgazmasi, “Islom amaliy san’ati” festival-yarmarkasi va boshqa tadbirlar o‘tkazilmoqda.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA