Oxirgi daqiqa

“Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi mahsulotlar – Yevropa bozorlarida

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Italiyaning mashhur “Cotonella” brendi 2025 yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga eksport qilishni kengaytirdi. Endilikda “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostida ichki kiyim mahsulotlari Yevropa iste’molchilariga muntazam yetkazilmoqda.

“Cotonella” brendining mamlakatimizdagi faoliyati O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bilan birga, boshqa Yevropa kompaniyalari uchun ham namuna bo‘lishi mumkin. Kelgusida mazkur brend O‘zbekistondagi ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish, assortimentni boyitish va eksport geografiyasini kengaytirishni rejalashtirgan. Bu nafaqat Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, balki milliy to‘qimachilik sanoatining rivojlanishiga ham turtki bo‘ladi.

Hukumatimiz xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, soliq imtiyozlari berish va infratuzilmani yaxshilash orqali sanoatni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratayotir. Bu kabi chora-tadbirlar mamlakatimizni jahon miqyosida investitsiyalar uchun jozibador markazga aylantirishga xizmat qiladi.

“Cotonella” brendining yurtimizdagi faoliyati va Yevropa Ittifoqi bozoriga eksportni boshlashi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining potensialini namoyon etib, mamlakatda yuqori sifatli paxta xomashyosi, energiya resurslari va malakali ishchi kuchi mavjudligi bilan xorijiy kompaniyalar uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Ushbu loyiha ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilib, kelgusida boshqa Yevropa kompaniyalari uchun ham O‘zbekistonga investitsiya kiritishga turtki bo‘lishi mumkin. Bu O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga va raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlarining yorqin namunasidir.

Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA