Ozarbayjon yozuvchisining “Albatta uchrashamiz” nomli to‘plami taqdimot qilindi

Ozarbayjon yozuvchisining “Albatta uchrashamiz” nomli to‘plami taqdimot qilindi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anarning “Albatta uchrashamiz” nomli nasriy to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirni uyushma raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ochib berdi. Anarning turkiy xalqlar adabiyotida tutgan o‘rni haqida to‘xtaldi.

Adabiy kechada Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi direktori Samir Abbosov, professorlar Nurboy Jabbor, Olimjon Davlatov, Abdulla Ulug‘ov va boshqalar O‘zbekiston va Ozarbayjonning ma’naviy, ijtimoiy va adabiy hamkorligi yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.

Kitob “Tamaddun” nashriyotida chop etilgan bo‘lib, unga yozuvchining “Dantening yubileyi”, “Oq qo‘chqor, qora qo‘chqor” nomli qissalari, shuningdek, qator hikoyalari kiritilgan. Kitobga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam muharrirlik qilgan. Kitob dizayni ham o‘zgacha, rassom Komil Jontoyev mehnati alohida ajralib turadi.

Anar asarlari o‘zbek o‘quvchisiga juda yaxshi tanish. Uning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani, “Oq ko‘rfaz” qissasi, “Dada Qo‘rqut” kinoqissasi, qator hikoyalari Usmon Qo‘chqor, Mamatqul Hazratqulov, Boboxon Muhammad Sharif, Rustam Jabborov kabi taniqli o‘zbek tarjimonlari tomonidan ona tilimizga muvaffaqiyat bilan o‘girilgan.

“Albatta uchrashamiz” nomli to‘plamga kirgan asarlar Mamatqul Hazratqulov tomonidan ozarbayjon tilidan tarjima qilingan.

Anar ssenariylari asosida o‘n ikkita film suratga olingan. Shular orasidan “Har kuni soat o‘n birda”, “Kun o‘tdi”, “Taxmina”, “Shafaq elchisi” kabi badiiy filmlarni ajratib ko‘rsatish mumkin.

Anar bir necha yillardan beri Ozarbayjon Milliy Yozarlar birligini boshqaradi. U adabiy faoliyati va jamoat arbobi sifatida ijtimoiy sohada amalga oshirgan ishlari uchun Ozarbayjon hukumatining qator mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Ular orasida “Mustaqillik” va “Shuhrat” ordenlarini, Ozarbayjon davlat mukofotini, Chingiz Aytmatov nomidagi MDH davlatlari parlamentlararo assambleyasi mukofotini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Ozarbayjon Milliy Yozarlar birligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, aloqalar doirasida har yili Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Nizomiy Ganjaviy ijodiga bag‘ishlangan anjumanlar, zamonaviy o‘zbek va ozarbayjon adabiyoti vakillarining asarlarini o‘zaro tarjima qilib, chop etish, shuningdek, o‘zbek va ozarbayjon adabiyotini tadqiq etish bo‘yicha ishlar amalga oshirib boriladi.

O‘zbek o‘quvchisi Ayoz Arabachi, Odil Mirsayid, Adolat Asqaro‘g‘li, Rasim Qaracha, Quli Oqsos, Zohir Azamat, Oqsin, Xayol Rizo, Ilg‘or Fahmiy kabi shoirlarning, Tehron Axsano‘g‘li, Rafiq Hoshimov, Elchin Husaynbeyli, Maqsad Nur, Firuz Mustafo kabi yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tilida mutolaa qilgan. bugungi kunda ozarbayjon adabiyotining faol tarjimonlari safida Tohir Qahhor, Karim Bahriyev, Xosiyat Rustamova, Boboxon Muhammad Sharif, Rustam Jabborov, Rahmat Bobojon kabi fidoyi ijodkorlarni ko‘rish mumkin.

Ayni damda nashrga tayyorlanayotgan “Turkiy adabiyot xazinasidan” 100 jildlik asarlar majmuasida ham ozarbayjon mumtoz va zamonaviy adabiyotiga munosib o‘rin berilgan bo‘lib, majmuaga kirgan asarlarning bari o‘zbek tiliga tarjimada chop etiladi.

Tadbir so‘ngida tarjimon Mamatqul Hazratqulov ozar elining buyuk yozuvchisi Anar bilan uchrashuvlari, u tug‘ilgan mamlakatning boy tarixi, ma’naviyati haqida to‘xtaldi. Shuningdek, shu vaqtgacha yozuvchi Anarning ismi Anor nomi ostida chop etilganligiga to‘xtaldi. Aslida yozuvchining ismi Anar ekanligi, endi shu shaklda qayd etish kerakligini ta’kidladi.

Uchrashuvda mehmon bo‘lganlarga tarjimon dastxati tushirilgan yangi kitob taqdim etildi.



D.Mamatova, O‘zA