O‘zbekistonda barcha millat va elatlar uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda

O‘zbekistonda barcha millat va elatlar uchun teng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda

Davlatimiz milliy siyosatining eng muhim, ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirishdir.

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyatiga oid matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ushbu qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi tegishli farmoni hamda 2017 yil 23 maydagi qarori asosida Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida tashkil etilgan.

bugungi kunda qo‘mita mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 151 ta milliy madaniy markaz, 36 ta do‘stlik jamiyati va xorijdagi vatandoshlarning 38 ta jamiyati bilan hamkorlik qilib, O‘zbekistondagi barcha millatlar va elatlarning tarixi, madaniyati, ma’naviy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlarini asrash va har tomonlama rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

Qo‘mita «xalq diplomatiyasi» mexanizmidan faol foydalangan holda tinch va farovon hayotni asrash, har tomonlama rivojlantirish, chet eldagi hamyurtlar bilan yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Qo‘mita faoliyatida 2017 yildan hozirga qadar 14 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasida yashovchi milliy guruhlarning xilma-xil milliy, madaniy-ma’rifiy va til borasidagi ehtiyojlarini aniqlash, o‘rganish, ularning urf-odatlari, an’analarini, marosimlarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1991-2017 yillarda 138 ta milliy madaniy markazlar faoliyat yuritgan. Hozirgi kunga kelib ular soni 151 taga yetdi.

2021 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan milliy madaniy markazlarni rivojlantirish uchun 700 million so‘m, shuningdek,6 milliard so‘mlik grant ajratildi.

O‘tgan davr mobaynida hamyurtlarimiz istiqomat qilayotgan davlatlarida o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida ularga o‘zbek tilidagi 2000ga yaqin badiiy kitob va jurnallar taqdim etildi.



Nazokat Usmonova, O‘zA