O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Malayziyaning “MIMOS Berhad” amaliy tadqiqot va rivojlantirish milliy markazi prezidenti vazifasini bajaruvchi va bosh direktori Saat Shukri Embong o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar raqamli rivojlanish, axborot texnologiyalari, innovatsion yechimlar hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “MIMOS Berhad” Malayziyaning amaliy tadqiqot va rivojlantirish milliy markazi bo‘lib, u mamlakatning Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi (MOSTI) tarkibiga kiradi.
1985 yilda tashkil etilgan mazkur davlat tashkiloti Malayziyaning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishiga innovatsion texnologik platformalar, mahsulotlar va yechimlar orqali hissa qo‘shib kelmoqda.
Muzokaralar davomida “MIMOS Berhad” vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini yuqori baholab, mamlakatimizda ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda o‘z tajribalarini ulashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda IT-ekotizimni takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA