Oliy Majlis Senatiga Gruziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kotariya David tashrif buyurdi.
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Mamatkarimov bilan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qiziqish bildirib, mutaxassislar tayyorlash va qo‘shma sayohatlar tashkil etish bo‘yicha tajriba almashishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Uchrashuvda 5-9 aprel kunlari Toshkentda Parlamentlararo ittifoqning 150 - yubiley assambleyasi o‘tkazilishi haqida fikr almashildi. Elchi Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi 14 nafar delegatsiya a’zosi mazkur anjumanda ishtirok etishini ma’lum qildi.
Shuningdek, K.David Gruziyada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari katta e’tirofga sazovor bo‘layotganini ta’kidladi.
N.Abduraimova,
O‘zA