Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik kengaytiriladi

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar ta’lim sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish muhimligini ta’kidladi.

Muloqot davomida hamkorlikning muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashilib, o‘tgan davr mobaynida qator amaliy ishlar qilingani e’tirof etildi.

Jumladan, O‘zbekiston tomoni qirg‘izistonlik talabalar uchun 100 ta davlat grantini ajratgan bo‘lib, hozirgi kunda 360 nafar qirg‘izistonlik talaba O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti hamda Qirg‘iziston ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha ilmiy grant loyihasi amalga oshirilmoqda. Har ikki mamlakatda oliy ta’lim muassasalari rektorlarining forumi o‘tkazilib, o‘tgan yillarda 90 dan ortiq hamkorlik shartnomasi imzolangan.

Bundan tashqari, tomonlar palomnik turizmini rivojlantirish maqsadida ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish, shuningdek, barqaror energetika bo‘yicha Farg‘ona davlat texnika universiteti va Qirg‘iziston universitetlari bilan mikroGES qurish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishdi.

Uchrashuv yakunida mazkur hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA