Asalari mahsulotini eng ko‘p eksport qilgan tadbirkor

Asalari mahsulotini eng ko‘p eksport qilgan tadbirkor

Ba’zi yoshlarning "yaxshi ish yo‘q", deya nolishi tez-tez quloqqa chalinadi.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani, «Olchin» mahallasida yashovchi Abduvohid Ubaydullayev esa chekka qishloqning kichik imkoniyatlardan foydalanib, katta tadbirkorlikka qo‘l urdi.

Abduvohid asalarichilar sulolasining uchinchi vakili. U asalari mahsulotlarini eng ko‘p eksport qilgan tadbirkor bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston bo‘ylab, hatto qo‘shni respublikalarda ham taniqli bo‘lishga ulgurgan.

– Hozir 29 yoshdaman. 6-7 yoshimdan otamga asalari boqishda yordamlashar edim. Bahor, yoz mavsumlarida dam olish kunlari asalarilarni dalalarga olib chiqardik. Ularning bol yig‘ishini maroq bilan kuzatar edim. Men ham boshqalar kabi universitetda o‘qishni, oliy ma’lumotli bo‘lishni xohlaganman. Afsuski, maktabni bitirganimdan so‘ng o‘qishga sharoitim bo‘lmadi, – deydi Abduvohid. – O‘qiy olmaganimga yarasha biror kasbning "etagidan" tutay deb otamga shogird tushdim. Bilmaganlarimni o‘rganib, bir muddat ular bilan ishladim. Keyinroq yetarlicha tajriba orttirib, 2016 yilda o‘zim mustaqil «Bag‘dod zamin asali» dehqon xo‘jaligiga asos soldim. 240 ta asalari oilasi bilan faoliyat boshladim. Hozirda asalari oilasi 1 ming 700 taga yetdi. Xo‘jaligimizda asalari yetishtirishdan tashqari eksportni ham yo‘lga qo‘ydim. Nolimayman, hozir daromadim yaxshi. 2021 yilda 10 tonna asal oldim. Bozorlarda eng arzon asal 50 ming so‘mdan 100 ming so‘mgacha sotilishini hisobga olsak, ushbu tarmoqdan olinajak daromad bir mavsumning o‘zida qariyb 500 million so‘m. Bundan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston davlatlariga 43 ming 700 ta asalari paketini eksport qildim. Undan 120 million daromad qildim. O‘tgan yilda jami daromadim 620 milliondan oshdi. Inson qancha topishidan qat’i nazar, halol ishlashi kerak. Shundagina ishida, topgan pulida, oilasida baraka bo‘ladi.

– bugungi kunda asalarichilikka e’tibor qay darajada, ushbu soha faoliyatida qanday to‘siqlar bor?

– Ta’kidlash joizki, ilgari asalarichilik deyarli inqirozga yuz tutayotgan edi. Xususan, asalarichilik xo‘jaliklari o‘z faoliyatini to‘xtatgan, yangi naslli arilar deyarli kelmasligi natijasida olinadigan mahsulot salmog‘i ham kamayib borayotgan edi. So‘nggi yillarda bu sohaga nisbatan munosabat o‘zgardi. Davlatimiz rahbari tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Xususan, 2017 yil 16 oktyabrdagi «Respublikada asalarichilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan «O‘zbekiston asalarichilari» uyushmasi tashkil etildi. Hozirda mazkur uyushma ko‘magida asalarichilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlar va aholi o‘qitilib, amaliy va nazariy bilimlar berilmoqda. Shuningdek, kooperativ yondashuv bilan aholiga imtiyozli kreditlar asosida asalari uyalari tarqatilyapti. Qolaversa, uyushma tomonidan O‘zbekiston sharoitiga mos, zotli ona Asalarichilik-naslchilik xo‘jaliklarida ko‘paytirilyapti. Asalari oilalarining zotini yaxshilash bo‘yicha «Karpat» va «Karnika» zotli ona asalarilardan sifatli asalari oilalari yetishtirilmoqda.

Ammo shuni ham aytish kerakki, bugungi kunda asalari boqish uchun joy muammosi bor. O‘rmon xo‘jaligi yerlaridan, cho‘l hududlaridan yetarlicha foydalanilmayapti. Agar samarali foydalanishga keng imkoniyatlar yaratilsa, bundan har ikkala tomon ham manfaat ko‘rar edi. Asalarilar o‘rmon xo‘jaligidagi dov-daraxt, giyoh va o‘simliklarning changlanishiga, hosildorlik ikki karra oshishiga hissa qo‘shar edi.

Bundan tashqari, paxta gullasa, asalarilarni dalalarga olib chiqamiz. Ko‘pchilik fermerlar paxtaga erta tongdan turli kimyoviy vositalar sepishi sabab arilari qirilib ketadi. Fermerlar dorini kechki vaqt – ari iniga kirganida asalarichilarni ogohlantirib sepsa, arilar nobud bo‘lmas edi.

– Asalarichilik sohasiga qiziqqan ishsiz yoshlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan ekansiz. Qancha yigit-qizlarni shu sohaga jalb qilgansiz?

– Asalari "yetti xazina"ning biri. Yaxshilab, e’tibor bilan parvarish qilinsa, bir yilda uch marotaba mo‘l hosil olish mumkin. Bizning xo‘jaligimizga 250 ta MFY biriktirilgan. Shu kungacha 400ta asalari oilalarini 216 nafar yosh oilalarga tarqatdik. Bundan tashqari, Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlarida shu sohaga qiziqqan yoshlarga kooperativ yondashuv asosida asalarilar tarqatyapmiz. Tengdoshlarimga asalarini parvarishlash, uning kasalliklariga qarshi profilaktikasi, sifatli mahsulot olish sirlarini o‘rgatib, yetishtirgan mahsulotlarini sotishga ham yordamlashaman. Umuman olganda, shu vaqtga qadar jami 500 ga yaqin tengdoshimni ish bilan ta’minladim. Ular ham soha serdaromad ekanini tushunib yetdi. Xo‘jaligimizda endi ish boshlagan ishchiga 1 yarim milliondan, 2-3 yillik tajribaga ega ishchilarga 4 yarim milliongacha maosh beramiz.

– Bu yil rejalaringiz qanday?

– Rejalarim katta. Asalari paketlari eksportini 100 mingtaga yetkazish niyatidamiz. Asalari uyasini 2, 500 taga yetkazib, 20 tonna asal yetishtirish ustida ishlayapmiz. Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlarini tashkil etib, ishsiz tengdoshlarimni ish o‘rni bilan band etish.

– Shu sohani tanlaganingizdan hech afsuslangan vaqtingiz ham bo‘lganmi?

– Yo‘q. Shu soha bilan ro‘zg‘or tebratyapman. Bundan besh yil oldin, ishni endi boshlagan vaqtlarimda bitta "moskvich" mashinamiz bor edi. Arilarni o‘sha mashinada dalalarga tashirdik. Hozirda "Gentra", "Cobalt", "Lacetti" va arilarni tashish uchun alohida "Mersedes" yuk mashinasini sotib oldik.

Bundan tashqari, Toshkent shahridan uylar olib, hovli qurdik, to‘ylar qildik. Kasbimdan nolimayman, faxrlanaman. Erishgan yutuqlarim ko‘p: 2021 yil 30 iyun – «Yoshlar kuni»da eng ko‘p eksport qilgan eksportyor sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qo‘lidan «Shuhrat» medalini oldim.

Mening ozgina mehnatimga juda katta baho beriladi, deb o‘ylamagan edim. Prezidentimizning yuksak ishonchi meni bundan-da ulkan marralarga undaydi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA