Cho‘lponning Bokudan topilgan surati haqida eshitganmisiz?

Cho‘lponning Bokudan topilgan surati haqida eshitganmisiz?

XX asr o‘zbek adabiyotini Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodisiz tasavvur qilish qiyin.

Cho‘lponning yangilikka intilish, hurlik, muhabbat, ona yurt, tabiat go‘zalliklari haqidagi ijod namunalari o‘zbek adabiyotining betakror sahifasi sifatida tarixga muhrlangan.

Ming afsuski, jadidchilik harakatining yetuk namoyandasi, shoir va olim, jamoat arbobi bo‘lgan Cho‘lpon 1938 yilda qatag‘on davrining qurboniga aylandi. Shu bois ham uning hayoti, ijodi uzoq yillar o‘rganilmadi, ilmiy jihatdan tadqiq etilmadi.

Ehtimol shuning uchun ham Cho‘lpon hayoti, faoliyati, ijodiga oid fotosuratlar u qadar ko‘p emas. Borlarida ham asosan, uning 1930-1937 yillardagi qiyofasi tasvirlangan. Cho‘lponning bolaligi, o‘smirlik va yigitlik davrlari aks etgan suratlar yaqinlargacha topilmagan edi.

Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori, universitet tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustambek Shamsutdinov qatag‘on davriga oid hujjatlarni o‘rganish, tadqiq etish borasida mamlakatimizdagi yetakchi olimlardan biri sanaladi.

Olimning sa’y-harakati, Ozarbayjon diyorida olib borgan izlanishlari natijasida 2017 yilda Cho‘lponning shu paytgacha keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan jonli siymosi – kinotasmadagi tasviri topildi.

O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, 1920 yilning 1-8 sentyabr kunlari 22 yoshli Cho‘lpon Boku shahrida o‘tkazilgan Sharq xalqlarining birinchi qurultoyida ishtirok etgan.

– Turli mamlakatlarda bo‘lgan ilmiy anjumanlarda ozarbayjonlik, rossiyalik tarixchilar bilan suhbatlarimizda ular Bokuda bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlarining birinchi quriltoyiga oid arxiv hujjatlarida Cho‘lponga tegishli hujjatlar, fotosurat va kinotasmalar borligi haqida gapirishgan edi, – deydi professor Rustambek Shamsutdinov. – Ushbu ma’lumot o‘shanda menda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Keyinroq ana shu hujjatlar bilan bevosita tanishish, qatag‘on qurboni bo‘lgan Cho‘lpon bilan bog‘liq materiallarni o‘rganish niyatida Ozarbayjon poytaxti Boku shahriga safar uyushtirganmiz. Safarimiz juda samarali bo‘lgan.

Cho‘lpon, 1920 yil. Boku shahrida o‘tkazilgan Sharq xalqlarining birinchi qurultoyidagi surati.

Safar davomidagi izlanishlarimiz natijasida Ozarbayjon Respublikasi Milliy arxivida saqlanayotgan Sharq xalqlarining birinchi quriltoyida qatnashgan bir guruh turkistonlik o‘zbeklar, xususan, yosh, navqiron Abdulhamid Cho‘lponning jonli tasviri tushirilgan kinotasmani topishga muyassar bo‘ldik. O‘shanda Cho‘lponning zavq-shavqqa to‘la jonli siymosini ko‘rib behad quvongan edik.

Professor R. Shamsutdinov rahbarligidagi tadqiqot guruhi tomonidan Cho‘lponning kinotasmaga tushirilgan siymosi va boshqa suratlaridan nusxalar olinib, Andijondagi Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyiga olib kelingan.

Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA