Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun sevimli maskanlardan biriga aylanib bormoqda

Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida “O‘zbekiston turizm yili” tadbiri boshlandi. Mazkur tadbir joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq o‘tkazilmoqda.

“O‘zbekiston turizm yili” tadbirlari doirasida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev va XXR madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Li Yingchuan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni har tomonlama kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar atroflicha muhokama qilindi. Xitoy tomoni “O‘zbekiston turizm yili”ning barcha tadbirlarini hamkorlikda yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi. Li Yingchuan yaqin yillarda O‘zbekiston xitoylik sayyohlar uchun sevimli yo‘nalishlardan biriga aylanishiga ishonch bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, “O‘zbekiston turizm yili” doirasida Pekin, Shanxay, Guanchjou, Xanchjou, Sian, Tyanszin, Shenchjen, Chendu shaharlarida turli tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA