O‘zbekistonda 2030 yilga qadar maktab ta’limini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan bo‘lib, mazkur hujjatning birinchi bandida PISA xalqaro tadqiqotida O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlash, 2030 yilga borib kuchli Top-30 talikka kirish strategik vazifa sifatida belgilangan.
Ma’lumki, 2025 yilda O‘zbekiston Respublikasi ikkinchi bor Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi (PISA)da ishtirok etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshchiligida PISA 2025 tadqiqotida o‘quvchilarning munosib ishtirokini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan dasturlar va o‘quv uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, ular yuzasidan “Pedagoglarda PISA kompetensiyalarini rivojlantirish” mavzusida seminar tashkil etildi.
Ushbu treninglar PISA tadqiqoti uchun tanlab olinadigan 250 ta maktabning direktor o‘rinbosarlari va o‘qituvchilaridan iborat jami 1 ming 250 nafar trener-o‘qituvchi uchun 4 ta fan yo‘nalishida dolzarb to‘rt oylik doirasida davom ettiriladi.
O‘zbekistonning PISA 2022 yildagi tadqiqotida ishtirok etishga oid natijasi 2023 yil 5 dekabr kuni xalqaro konferensiyada e’lon qilindi. Mazkur tadqiqotda O‘zbekistonga oid ma’lumotlarni chuqurroq tahlil qilish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining vakili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotida 5 oy davomida treningda qatnashib, Milliy hisobotni yozishda ishtirok etdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jahon banki hamkorligida PISA-2025 tadqiqotlari uchun joriy yilning may oyida O‘zbekistonda o‘tkazilgan pilot testlarni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borildi.
PISA 2025 tadqiqotini xalqaro talablar doirasida tashkil etish maqsadida “PISA 2025 tajriba-sinov jarayonlarini tashkil etish” mavzusida seminar-trening o‘tkazilib, unda tadqiqotlardagi mas’ul mutaxassislar uchun tadqiqot materiallari bilan ishlash, test va anketalarni o‘tkazishga mo‘ljallangan platformani boshqarish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.
Toshkent shahrida o‘tkazildigan ikki kunlik seminar doirasida maktab ta’limi sohasi mutaxassislari PISA-2025 doirasida o‘quvchilarning savodxonligini baholash bo‘yicha ishlatiladigan metodologiya, testlar va savollardan iborat onlayn platforma bilan tanishdilar.
PISA tadqiqotining asosiy-sinov jarayonlari esa 2025 yilning aprel-may oylarida o‘tkazilishi belgilangan. Shu munosabat bilan respublika bo‘yicha tasodifiy tanlab olinadigan jami 250 ta maktabdan 10 ming 500 nafar 15 yoshli (2009 yilda tug‘ilgan) o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanishi hamda tadqiqot doirasida tanlangan maktablarning 250 nafar direktori o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi.
PISA tadqiqoti har bir mamlakatga o‘zining kuchli va zaif tomonlarini dunyo ta’lim tizimi bilan qiyoslash imkonini beradi. Ushbu tadqiqotlar orqali mamlakatdagi ta’lim tizimi, ta’lim muhiti, ta’limni tashkil etilishi, o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlashi, egallagan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlari, ota-onalarning farzandlarini ta’lim olishlariga e’tiborlari va uyda yaratilgan sharoitlari bo‘yicha atroflicha ilmiy asoslangan va ishonchli ma’lumotlar olishga erishish ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova, O‘zA