Afg‘oniston Bosh vazirining ma’muriy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Hanafiy boshchiligidagi delegatsiya ko‘hna Buxoroda bo‘ldi.
Mehmonlarni Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov “Buxoro” temir yo‘l vokzalida kutib oldi.
Delegatsiya a’zolari boqiy shaharning tarixiy-madaniy yodgorliklari, xususan, qadimiy Labi Xovuz ansambli, qadimiy toqlar, Poyi Kalon majmuasi, Ark qo‘rg‘oni, Somoniylar maqbarasi, Bahouddin Naqshband majmuasini hayrat va havas bilan tomosha qildi. Shuningdek, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalaridagi qizg‘in ish jarayoniga guvoh bo‘ldi.
Abdul Salom Hanafiy Buxorodagi madaniy meros ob’ektlari asl holida saqlanganligi, Buxoro aynan boy tarixi, betakror madaniyati bilan jahon sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shganligini e’tirof etdi. Shu bilan birga Buxoro xalqining mehnatsevar, ijodkor va mehmondo‘stligi har qadamda sezilib turishini, bu yerda turizm va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.