O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyada xizmat safarida bo‘ldi. Delegatsiya tarkibida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev xizmat safari davomida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Sh.Daliyev Yaponiyaning Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri, Yaponiya Parlament a’zosi Abe Toshiko xonim hamda vazirning birinchi o‘rinbosari, Yaponiya Parlament a’zosi Takebe Arata bilan uchrashdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalarida istiqbolli rejalar yuzasidan fikr almashildi. Tashrif davomida Buxoro shahrida O‘zbekiston-Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining navbatdagi Beshinchi forumini o‘tkazish taklifi berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bu shakldagi forumlar 2011, 2015, 2019 va 2022 yillarda tashkil etilgan.
Suhbat davomida ikki davlat oliygohlari o‘rtasidagi hamkorlik holati, Yaponiya universitetlari bilan turli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha “ikki diplom” (double-degree diploma) qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistondagi ta’lim faoliyatini Yaponiya universitetlarining o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshirishga kelishildi.
Shu bilan birga, yapon tili va adabiyoti, arxitektura va qurilish, energetika, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, geologiya, tog‘-kon sanoati, biotexnologiyalar, nanotexnologiyalar, kimyo texnologiyalari, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qish uchun yapon o‘qituvchilarini O‘zbekistonga taklif etish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA