Oxirgi daqiqa

Nobel mukofoti laureati O‘zbekistonda

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Nobel mukofoti laureati Xiroshi Amano va Yapon olimlari delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Nagoya universiteti vitse-prezidenti Norimi Mizutani Yaponiya – O‘zbekiston hamkorligida ilm-fan va ta’lim sohasida o‘zaro harakatlarni tashkil etish, kengaytirishda keng imkoniyatlar mavjudligi, uning istiqboli yuksakligi va bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Xususan, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, ilmiy-texnik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, ta’lim sohasidagi aloqalarni qo‘shma tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlarni o‘tkazish va amaliyotchilar o‘rtasida tajriba almashish orqali faollashtirish kelajak rejalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lishini bildirib o‘tdi.

Jahon ilm-fanida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan tadqiqot masalalari qizg‘in muhokama qilingan anjumanda ishtirok etganlar Nagoya universiteti professori, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Xiroshi Amanoning “Nega Yaponiyaning kambag‘al universiteti moviy rangli svetodiot inqilobini sodir etdi?” (“Why did a poor Japanese university spark the blue LED revolution?) mavzusidagi ma’ruzasidan bahramand bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etgan talabalar, tadqiqotchilar va yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar uchun mas’ul prorektorlar va mutaxassislar bilan Yapon olimlari o‘rtasida o‘tgan savol-javoblar, turli yo‘nalishlar borasidagi fikr-mulohazalar ilm-fan yo‘nalishidagi xalqaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqayotganligidan dalolat deyish mumkin.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, yapon olimi Xiroshi Amano kim o‘zi? Qaysi xizmatlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan?

Muhandis, fizik, Nagoya universiteti professori Xiroshi Amano 1960 yilning 11 sentyabrida Yaponiyaning Shizuoka prefekturasida tug‘ilgan. 1983 yilda Nagoya universitetining bakalavr, 1985 yilda esa magistratura bosqichini tugatgan. 1989 yili doktorlik darajasini qo‘lga kiritgan.

1988 yilda ilmiy faoliyatini Nagoya universitetida boshlab, keyinchalik Yaponiyadagi Meijo universitetining Fan va texnologiya yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan. Professor assistenti, dotsent va professor lavozimlarida ilmiy faoliyat ko‘rsatgan X.Amano 2011-2023 yillarda Nagoya universitetidagi Akasaki tadqiqot markazi rahbari, 2015 yildan kunchiqar yurtdagi Materiallar va barqarorlik tizimlari institutining Kelajak elektronikasining integratsiyalashgan tadqiqotlari markazi direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

X.Amano 1989 yili ilk bor nitrid kaliy (GaN-based UV) asosida o‘zidan moviy nur taratuvchi svetodiodni ixtiro qildi va ushbu kashfiyoti uchun 2014 yilda fizika yo‘nalishida Nobel mukofoti sohibiga aylandi.

Bugungi kunda X.Amanoning kashfiyotidan elektrotexnikada, tibbiyotda, mashinasozlikda, aviasozlikda, shuningdek, energiyani tejash bilan bog‘liq barcha jabhalarda keng foydalaniladi.

Yapon olimlari delegatsiyasi, xususan, Nagoya universiteti professori, Nobel mukofoti laureati Xiroshi Amanoning O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA