Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston MDH davlatlari Koinot kengashiga raislik qiladi

Toshkentda MDH davlatlari koinot bo‘yicha Davlatlararo kengashi beshinchi majlisi ish boshladi. Yig‘ilish qaroriga muvofiq, O‘zbekiston 2024-2025 yillarda mazkur fazoviy kengashga raislik qiladigan bo‘ldi.

– MDH Ijroiya qo‘mitasi 2024-2025 yillar uchun Kengash a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik texnologiyalarni tadqiq qilish agentligi direktori Shuhrat Qodirovni Kengash raisi etib saylashni taklif etadi, – dedi ijroqo‘mning Iqtisodiy hamkorlik departamenti direktori Mixail Miskin.

“RIA Novosti” axborotida yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston fazosi rahbari nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagani alohida ta’kidlangan.

Me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq, raislik alifbo tartibida har bir a’zo-davlat tomonidan navbat bilan amalga oshiriladi. 2023-2024 yillar hamdo‘stlikning ushbu tuzilmasini Tojikiston boshqarmoqda.

– Koinot ta’limi sohasidagi hamkorligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, yosh mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirish tashabbusini ilgari surmoqchimiz, – dedi mamlakatimiz vakili o‘z chiqishida.

“O‘zbek fazosi” rahbari ta’kidlashicha, Kengash oldiga yaqin yillarda faoliyatni yanada rivojlantirish, xususan BMT doirasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, fazoviy texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha ulkan vazifalar turibdi.