O‘zbekiston va Belarus turizmni birgalikda rivojlantiradi

O‘zbekiston va Belarus turizmni birgalikda rivojlantiradi

«O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlik istiqboli» mavzusida videokonferensiya tashkil etildi. Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hududiy bosh boshqarmalari mutasaddilari hamda Belarus Respublikasi Sport va turizm vazirligi vakillari, shuningdek ikki mamlakat sayyohlik sohasida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari ishtirokidagi muloqot davomida mamlakatimiz sayyohlik salohiyati, respublikada turizmni rivojlantirish, pandemiya davrida xususiy sektorni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Sayyohlarni qabul qilish uchun yaratilayotgan shart-sharoit, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, logistika, xizmatlarni diversifikatsiya qilish kabi masalalar ham batafsil muhokama qilindi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, muhimi mavjud imkoniyatdan samarali foydalanishdan iborat. Shu bilan birga, videokonferensiyada turli taqdimot, videroliklar namoyish etildi. Rivojlanib borayotgan madaniy-tarixiy, ziyorat, gastronomik, ekoturizm, agroturizm, qishki va etnoturizm yo‘nalishlari salohiyati keng yoritib berildi.

Sheriklarga respublikamizda joriy etilgan xalqaro standartga javob beruvchi sanitariya-epidemiologiya xavfsizligining yangi “Uzbekistan. Safe Travel GUARANTEED” tizimi asosida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Masalan, bugungi kunda Belarus turistlari, jumlanadn, guruh bo‘lib sayohat qiluvchilar uchun aviakompaniya tomonidan maxsus tariflar joriy etilgan.

Anjumanda «Ziyorat turizm salohiyati Buxoro viloyati misolida» mavzusida taqdimot bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston ziyorat turizmi salohiyati hamda hududlar infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Onlayn uchrashuvda Minsk shahri Axborot markazi boshlig‘i A.Rusakevich va Belarus Respublikasi Turizm industriyasi direktori o‘rinbosari D.Morozova tomonidan hamkorlikning yangi imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimoti namoyish etildi. Xorijiy mutaxassislar aloqani kuchaytirish, ikki mamlakat turistik salohiyatini birgalikda targ‘ib etishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston turizm salohiyatini yanada kengroq targ‘ib qilish, batafsil marketing tizimini ishlab chiqish, o‘zaro sayyohlik biznesi o‘rtasida muntazam B2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

«Sentrkurort» respublika unitar korxonasi vakili tomonidan o‘zbekistonlik sayyohlar uchun Belarusda dam olish maskanlarida keng imkoniyat yaratilgani aytib o‘tildi.

Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikni turistlar oqimini ko‘paytirish, aviaparvozlarni qayta tiklash va kengaytirish, sayyohlik tashkilotlari o‘rtasida muntazam aloqa o‘rnatish va qo‘shma loyihalar amalga oshirishda O‘zbekiston va Belarus turizm biznesini yanada faol qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

G.Sattorova,

O‘zA