O‘zbekiston-Rossiya: tibbiyot sohasida hamkorlik

O‘zbekiston-Rossiya: tibbiyot sohasida hamkorlik

Forumda mushtarak maqsadlar yo‘lida tibbiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha bir qator muhim masalalar muhokama etildi.

Anjumanda tibbiyot sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar, kadrlarni tayyorlash, qayta o‘qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlar, mahorat darslarini o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish, neyroxirurgiya, pediatriya, xirurgiya, kardiologiya, onkologiya yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlar samarasida bugun Buxoro davlat tibbiyot instituti Rossiya Federatsiyasining nufuzli universitet va tibbiyot muassasalari bilan yuqori darajada hamkorlik qilib kelmoqda. Mana uch yildirki Yevropa va Rossiya oliygohlari bilan qo‘shma hamkorlikda yo‘nalishlar tashkil etilgan. Mingga yaqin talabalar bugun “qo‘sh diplom” uchun tahsil olmoqda.

Forumda tibbiy ta’limni transformatsiya qilish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, sohani raqamlashtirish va tizimga yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalarga bag‘ishlangan seksiya yig‘ilishlari o‘tkazildi. Unda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Shuhrat Teshayev ma’ruza qildi. Yig‘ilganlarga Buxoro va Rossiya hamkorligining tarixi, bugungi kuni, amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Muloqotlar chog‘ida Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha 9 memorandum imzoladi.

Zarif Komilov,

O‘zA