O‘zbekiston vazirlari maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston vazirlari maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi

Bugungi kun munosabati bilan O‘zbekistonning turli soha vazirlari ham yoshlarga o‘z tabrik va tilaklarini bildirishni lozim topishdi.

“OLG‘A INTILING, DADIL QADAM TASHLANG!”

Sherzod Kudbiyev, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri:

– Aziz bitiruvchilar, qadrli yoshlar! Sizlarga aytadiganim – hayotda har doim eng yuksak cho‘qqilarni zabt etishni maqsad qiling, olg‘a intiling, dadil qadam tashlang. Mehnatkash va mas’uliyatli bo‘ling! Qaysi sohani tanlasangiz ham, yutuqlar, omad va yuqori natijalarning oltin qoidasi aynan shu ikkita omil: mashaqqatli mehnat va yuksak mas’uliyat!

Albatta tadbirkorlikmi, davlat xizmatimi yoki ijodmi, barcha harakatlarimiz zamirida – Vatanimiz va xalqimizni yaxshi ko‘rish bo‘lishi kerak! Ana o‘shanda yuksak marralar sizniki bo‘ladi.

Boshlanayotgan mustaqil hayotingizda ulkan zafarlar tilayman. Maqsadingiz aniq, yo‘lingiz ravon, manzilingiz muvaffaqiyatli, hamisha omad yor bo‘lsin!

“FIDOYI INSON BO‘LIB YETISHISHINGIZGA ISHONAMIZ!”

Laziz Qudratov, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri:

– Hurmatli maktab bitiruvchilari! Siz uchun bugun o‘ta hayajonli bo‘lgan kun – maktab ta’limini muvaffaqiyatli bitirib, katta, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy tabriklaymiz.

O‘quv jarayonida siz uchun qadrdon bo‘lib qolgan maktabingizda qo‘lga kiritgan bilimlar, mehribon ustoz va murabbiylaringizdan olgan ta’lim-tarbiya va o‘gitu-nasihatlar umringizning yangi, mas’uliyatli bosqichlarida ulkan yutuq va omadlar olib kelishiga tilakdoshmiz.

Yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelgusida chinakam vatanparvar va fidoyi inson bo‘lib yetishishingizga ishonamiz.

Kelajakdan umid qilgan barcha ezgu orzu va niyatlaringiz amalga oshsin, yangi hayot sari qo‘yayotgan qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin!

KICHIK VUJUDINGIZ KATTA MAMLAKATNING ORI VA G‘URURIDIR

Ibrohim Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri:

– Aziz o‘quvchilar! O‘qishdan, ilmdan kuch olib, rivojlanishdan to‘xtamang. Bu yo‘lda samimiylik, qat’iyatlilik, Vatanga sadoqat, millatga hurmat sizning qadriyatingiz bo‘lsin. Shundagina o‘z yo‘lingiz, o‘z kelajagingiz, eng muhimi, jamoada o‘z o‘rningiz bo‘ladi.

Kecha, bugun va ertaning jonli nigohi, bu – siz! Shu bois kuzatuvchanlik, tahliliy va tanqidiy mushohada, izlanuvchanlik, jasorat tabiatingizga xos bo‘lishi zarur.

Zero, Yangi O‘zbekistonning ilm-fani, madaniyati, qadriyati negizida siz turibsiz. Demakki, kichik vujudingiz shu katta mamlakatning ori va g‘ururidir.

Har bir yangi kun yangi orzular, yangi rejalar va yangi g‘oyalar uchun yaxshi imkondir. Doim yurakda ezgu orzularingiz bo‘lsin, kun kelib, qat’iyat va mehnatingiz ularni ro‘yobga chiqaradi.

Hech qachon unutmang, siz buyuk daholar va allomalar avlodisiz, qoningizda mavj urayotgan kuch va g‘ayrat, zakovat hamda salohiyat fursat kutmoqda. Bu fursatni haqiqatga aylantirish esa o‘z qo‘lingizda.

Mustaqil hayot yo‘lingizda barchangizga cheksiz omadlar tilayman! Aziz bitiruvchilar! Hayot ostonasidagi birinchi muvaffaqiyatingiz — mustaqil bosqichga o‘tayotganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman!

"ORZULARINGIZ SARI OLG‘A BORING!"

Botir Zokirov, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri:

– Aziz bitiruvchilar, birgina qurilish emas, balki jamiyatimizning qaysi sohasi vakili bo‘lishingizdan qat’i nazar, o‘z kasbingizning mohir ustasi bo‘lishingiz muhimdir. Zero, malakali, yetuk kadr bo‘lib yetishishingiz uchun bugun yurtimizda barcha sharoitlar muhayyo. Statistik raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, mamlakatimiz aholisi 2040 yilga borib, 50 millionga yetadi, jamiyatning yarmidan ko‘pini esa siz aziz yoshlar tashkil qilasiz. Sizlarga munosib sharoit yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim.

Unutmang, maqsadi aniq, mehnat va qiyinchilikdan qochmaydigan, tashabbuskor yoshlar bugun jamiyatda munosib o‘rniga ega bo‘lmoqda. Shu bois harakatdan aslo to‘xtamang. Orzularingiz sari olg‘a boring.

BUGUNGI TANLOVINGIZ KELAJAGINGIZNI BELGILAB BERADI

Hilola Umarova, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri:

– Aziz bitiruvchilar, qadrli o‘g‘il-qizlar! Katta hayotga qadam qo‘ymoqdasiz. Maktab davrlaringizni, birinchi sinfdan boshlab ilm sirlarini o‘rgatgan, o‘z mehrini ayamagan o‘qituvchilaringizni har doim iliqlik va mehr bilan yodga olishingizni tilayman.

To‘g‘ri tanlov qilib, kelajakda barcha to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradigan munosib kasb egasi bo‘ling! Unutmang, bugungi tanlovingiz kelajagingizni belgilab beradi.

Maktab yillaringiz bu dunyoni anglash, xato qilish, o‘z qadriyatlarini shakllantirish hamda o‘zingizga o‘rnak olishingiz lozim bo‘lgan odamlarni aniqlash davri edi. Maktabda sizni g‘amxo‘r ustozlar va ota-onalar qo‘llab-quvvatlab, to‘liq rivojlanish va baxtli hayot kechirishingiz uchun zarur bo‘lgan hamma narsani qildilar. Endi olingan bilimlaringiz bilan katta hayotga yo‘l olish va ularning tatbiq etish, munosib hayot uchun jiddiy maqsadlar qo‘yish vaqti keldi. Ishonchim komilki, siz o‘zingiz va Vatanimiz uchun barqaror kelajak yaratishga tayyorsiz.

“QAYERDA BOʻLMANG, SIZ OʻZ HAYOTINGIZNING HAYKALTAROSHI, IJODKORISIZ”

Joʻrabek Mirzamahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri:

– Qadrli bitiruvchilar, aziz yoshlar! Bugungi quvonchli damlaringiz muborak boʻlsin. Mana shunday shukuhli onlarda sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tamomlab, hayotingizdagi dastlabki muhim dovondan oshganingiz bilan tabriklayman.

Mustaqil hayotga qadam qoʻyar ekansiz, bir haqiqatni unutmasligingizni soʻrardim: qayerda boʻlmang, siz oʻz hayotingizning haykaltaroshi, ijodkorisiz. Oʻz kelajagingizni faqat oʻzingiz qurasiz. Buning uchun esa oʻqishni, oʻrganishni, izlanishni va intilishni bir zum boʻlsin, toʻxtatmasligingiz kerak.

Kelajakda esa sizni yanada ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Agar oldingizga aniq maqsad qoʻyib, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, koʻzlagan choʻqqilarga albatta erishasiz.

Barchangizga ishda va oʻqishda, shaxsiy hayotda kattadan-katta yutuqlar va omadlar tilayman.


Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA