“Huawei” kompaniyasi O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi

“Huawei” kompaniyasi O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi

Ushbu davra suhbatida “Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Van Szyanfen ishtirok etdi va ushbu kompaniyaning O‘zbekistonda tarmoqqa kirishini kengaytirish, yashil rivojlanish, iqtidorlarni tayyorlash va ekotizim hamkorligi bo‘yicha fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

1987 yilda tashkil etilgan “Huawei” kompaniyasi axborot-kommunikatsiya infratuzilmasi yechimlari va aqlli qurilmalarni yetkazib beruvchi yetakchi global provayder hisoblanadi. Bugungi kunda kompaniyaning 170 dan ortiq mamlakat va mintaqada ofislari mavjud va ularda ikki yuz ming nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1999 yilda ochilgan. Ayni paytda unda 400 nafardan ortiq kishi ishlaydi. Ularning 70 foizi mahalliy ishchilardir.

“Huawei” kompaniyasi 24 yil davomida O‘zbekistonda o‘z xizmatlarini taqdim etib, mahalliy tarmoq operatorlari va ekotizim hamkorlari bilan innovatsiyalar, tajriba almashish va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakat fuqarolariga foyda keltirish maqsadida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Kompaniya davlatning raqamli transformatsiyani amalga oshirish va mamlakatda uglerod neytralligiga erishish uchun energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish istagini qo‘llab-quvvatlaydi.

– AKT innovatsiyalari, “yashil energiya” sektoridagi hamkorlik raqamli iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda. “Huawei” ochiq hamkorlik tarafdori, tadqiqot va aloqa, bulutli hisoblash va “yashil energiya”ni rivojlantirish uchun ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga sarmoyalarni ko‘paytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, “Huawei” O‘zbekiston korxonalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. “Seeds of the Future” va “AKT akademiyasi” kabi ta’lim dasturlari orqali “Huawei” mahalliy iste’dodlarni yetishtirishga yordam beradi va o‘sib borayotgan raqamli iqtisodiyotga o‘z hissasini qo‘shish uchun butun mamlakat bo‘ylab mijozlar, hamkorlar va universitetlar bilan hamkorlikni davom ettiradi, – dedi Van Szyanfen.

Janob Van Szyanfen va “Huawei” kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Chen Szyakay Sian xalqaro ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi” ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA