Turkiston ma’rifatparvar jadidlarining faoliyatiga oid ko‘rgazma o‘tkazildi

Turkiston ma’rifatparvar jadidlarining faoliyatiga oid ko‘rgazma o‘tkazildi

Muzeyda tashkil etilgan ko‘rgazmada o‘z manbalari bilan qatnashayotgan Milliy kutubxonaning ma’rifiy mo‘’jaz ko‘rgazmasi “So‘nmas ziyo uchqunlari” deb nomlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Uning maqsadi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanib kelinayotgan boy madaniy va ma’rifiy meros bilan yoshlarimizni, mutaxassislarni, professor-o‘qituvchilarni yaqindan tanishtirish, ularga mazkur resurslardan tadqiqot ob’ekti sifatida foydalanishlariga keng imkoniyatlar yaratib berishdan iboratdir.

Ko‘rgazma XX asr boshlarida qatag‘on qurbonlari vakillari ishtirok etgan o‘zbek, rus, qozoq, turkman, tojik tillarida chiqa boshlagan gazeta va jurnallardan tashkil topgan. Ko‘rgazmada jadidchilik vakillari tomonidan ma’rifiy, ta’lim-tarbiyaviy, ilmiy-texnik va boshqa dolzarb masalalar ko‘tarilgan gazeta-jurnallarga alohida o‘rin ajratilgan.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasi juda qiziqarli bo‘lib, unda o‘zbek adabiyotshunosligida ma’rifatparvarlar, taraqqiyparvarlar va yangi o‘zbek adabiyoti me’morlari — Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va boshqa adiblarning hayotlik davrida nashr qilingan asarlari hamda o‘sha davrlarda chop etilgan bosma nashrlar bilan tanishish mumkin.

Jumladan, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (Xo‘jayev) tomonidan tashkil etilgan va uning muharrirligida faoliyat ko‘rsatgan “Cadoi Turkiston (1914)” gazetasi, tarixchi Bo‘lod Soliyev va Ashurali Zohiriy muharrirlik qilgan “El bayrog‘i (1917)”, jadidchilik harakatining yirik vakili bo‘lgan Obidjon Mahmudov ilk muharriri bo‘lgan “Sadoi Farg‘ona (1915)”, 23 yoshida vazir bo‘lgan Rahim Inog‘omov tashabbusi bilan tashkil etilgan “Maorif va o‘qituvchi” (1925) kabi gazeta-jurnallar o‘rin olgan.

N.Usmonova,

O‘zA