O‘zbekiston-AQSH savdo palatasi — Samarqand anjumanining eng faol ishtirokchilaridan biri

O‘zbekiston-AQSH savdo palatasi — Samarqand anjumanining eng faol ishtirokchilaridan biri

Hozirgina majmua tarkibidagi Kongress-xollga kiraverishda mintaqamiz va mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega yirik tadbir yakunlandi. “Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi. Amerika hikoyasi: AQSH biznesi Nima sababdan Markaziy Osiyoda?” nomli sessiyani O‘zbekiston – Amerika savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son boshqarib bordi.

Qarorgohi Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashington shahrida joylashgan mazkur tuzilma AQSH kompaniyalarining O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi manfaatlarini himoya qilish maqsadida faoliyat olib boradi.

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi mas’ullariga ushbu nufuzli anjuman dasturida alohida yig‘ilish uchun imkoniyat berilishi bejiz emas. Zero, bugungi kunda mintaqamizni iqtisodiy rivojlantirish jarayonida AQSH bilan hamkorlik o‘ta muhim o‘rin egallaydi.

Ushbu tadbirda ham Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bozolrida faoliyat olib borayotgan yirik kompaniyalar vakillari, sarmoyadorlar, oddiy biznes vakillari faol ishtirok etishgdi. Bevosita muloqot qilish, turli dolzarb mavzularda muzokara olib borish, muammoli masalalarni birgalikda hal etish imkonini taqdim etgan uchrashuv davomida ular bir-birlariga o‘zlarining yangi mahsulot va xizmatlarini taklif etishdi.

– Biz YeTTB va O‘zbekistonning hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz va e’tirof etamiz, – deydi Ye.Son. – Umuman, bunday ajoyib faollik boshqa xalqaro tuzilmalarni ham mamlakatingiz bilan aloqani mustahkamlashga undayapti. O‘zbekiston – Amerika savdo palatasi respublika bilan 30 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. YeTTB bilan ham biz doimiy ravishda, aytish mumkinki, har kungi tartibda birga ishlaymiz. Aloqalarimiz izchillik kasb etgan, muntazam ravishda ko‘plab muhim soha va tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan vebinarlar, turli shakldagi uchrashuvlar, samarali muloqotlar o‘tkazamiz. Shu ma’noda mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan bugungi tadbirimiz ham tez orada o‘z natijalarini berishiga ishonamiz.

Mazkur sessiya yig‘ilishi, ta’bir joiz bo‘lsa, har galgidek hamkorlarning umumiy faoliyati davomiga aylandi. Muhimi, anjuman doirasida kechayotgan uchrashuv, muzokaralar bir-birini to‘ldirib boryapti. Muloqot muloqotga ulanyapti. O‘zAni kuzatib boring.

G‘ayrat Xonnazarov,

Muhammad Amin (surat), O‘zA