O‘zbekiston Prezidenti YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishini ochib beradi

O‘zbekiston Prezidenti YeTTB Boshqaruvchilar kengashining yig‘ilishini ochib beradi

Davlatimiz rahbari yig‘ilish yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi.

Sammit ishida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis, YeTTB Boshqaruvchilar kengashi raisi Magnus Brunner, xorijiy hukumatlar, yetakchi transmilliy korporatsiyalar va sanoat xoldinglari, xalqaro moliya institutlari va banklarning rahbarlari va vakillari, shuningdek, dunyoning 70 ta mamlakatidan iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va innovatsiyalar sohasi ekspertlari va tahlilchilari, fuqarolik jamiyati faollari va jurnalistlar – jami 2,5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashmoqda.

Tadbir global iqtisodiyot istiqbollarini keng muhokama va chuqur tahlil qilish, uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim platformadir.

Iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish, xalqaro savdoni rag‘batlantirish, energetik xavfsizlikni ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, raqamlashtirishni jadallashtirish, moliyaviy infratuzilmani modernizatsiya qilish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, “yashil” iqtisodiyot dasturini ilgari surish masalalari forumning markaziy mavzulari bo‘ladi.

Tadbir doirasida davlatimiz rahbari xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.

Ta’kidlash joizki, YeTTB mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surishda faol ishtirok etmoqda.

Mana uch yildirki, O‘zbekiston ushbu yetakchi moliyaviy institutdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi bo‘yicha mintaqada yetakchilik qilmoqda. Bugungi kunda Bank loyihalarining portfeli 3 milliard yevrodan oshdi, unda xususiy sektorga investitsiyalar ulushi 55 foizdan ziyodni tashkil qilmoqda.