Farg‘ona sayyohlarni chorlamoqda

Farg‘ona sayyohlarni chorlamoqda

Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idagi “Chinor tagi”, Avval qishlog‘ida joylashgan “Yetti buloq”, Satkak qishlog‘i, Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo”, Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligi, Quvasoy shahridagi Arsif, “Vodiy tulporlari” ot sporti majmuasi, Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori qirg‘oqlari, “Farg‘ona anorlari” hamda “Mindonobod” agrosanoat firmalari bo‘ylab sayohatlar tashkil etish yo‘nalishlarida yangi loyihalar ishlab chiqilgan.

Beshariq tumanining Qiyali va Andarxon qishloqlari hamda So‘x tumanida ekoturizm loyihalarini amalga oshirish, Farg‘ona tumanidagi Chimyon qishlog‘i, Oltiariq tumanidagi Qiziltepa qishloqlarida mehmon uylarini tashkil etish ishlariga alohida e’tibor qaratilyapti. Turizm qishloqlari va qadamjoylarga olib boruvchi yo‘l belgilarini o‘rnatish, infratuzilma va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlantirilmoqda.

Farg‘ona tumanidagi Avval qishlog‘i so‘lim tabiati, zilol soylari bilan mashhur. Bu yerda 24 ta oilaviy mehmon uylar tashkil etilib, ovqatlanish, sog‘lomlashtirish, transport, attraksion, ekskursiya singari qo‘shimcha xizmat turlari tashkil etildi. Qishloqning saylgoh hududida tadbirkor Kamoljon Ikromov tashabbusi bilan qadimiy usulda un ishlab chiqaruvchi tosh tegirmon faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yana bir o‘ziga xos xususiyati yer qarida ko‘z ochgan “Yetti buloq” suvining shifobaxsh xususiyatlari sayyohlar oqimini kengaytirmoqda. O‘tgan yoz mavsumida bu yerga 80 mingdan ortiq sayyohatchilar kelgan.

Farg‘ona tumani Satkak qishlog‘idagi 3,5 mingdan ortiq aholining aksariyati buloqlar va qishloq nomidagi ariq bo‘yida yashaydi. So‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan kichik qishloqda 14 ta oilaviy mehmon uylari mavjud. Har yili bu qishloqqa 100 mingdan ortiq sayohatchi va ziyoratchilar keladi. “Satkak” ziyoratgohiga ichki turizm orqali keluvchilar soni ortib borayotgani infratuzilma tarmoqlari faoliyatini yaxshilashga bo‘lgan e’tiborni oshirdi. Shu maqsadda 3 ta Wi-Fi nuqtalari o‘rnatildi, 4 ta sanitariya gigiyena shoxobchasi tashkil etildi, ziyoratga olib boruvchi 5 ta yo‘l belgilar o‘rnatildi, ichki yo‘llar, ko‘ngilochar savdo markazlari, attraksionlar ta’mirdan chiqarildi.

Bugun viloyatda turizm sohasini kompleks rivojlantirish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish, sayyohlarga qulay transport-logistika, mehmonxona, umumiy ovqatlanish singari servis va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan e’tibor oshdi. Tarixiy qadamjolar, purviqor tog‘lar, hunarmandchilik markazlari, ma’danli suvlar, boy tabiatli so‘lim joylarida dam olish taklif etilmoqda. Ekoturizm, agroturizm, etnoturizm, sport turizmi, qishloq turizmi va tibbiyot turizmi kabi yangi yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili 256 mingdan ziyod xorijlik, 1 million 500 mingdan ortiq mahalliy sayyohlar Farg‘onada mehmon bo‘ldi. Bu 2021 yilga taqqoslaganda uch hissaga ko‘p. Turistlar uchun 5 ta 247 o‘rinli zamonaviy mehmonxonadan tashqari 35 ta ta oilaviy mehmon uylar, 12 ta xostellar tashkil etildi. Sayyohlik yo‘nalishida ish olib borayotgan turoperatorlar soni 76 taga ortdi, xizmatlari ekport 31 million dollarni tashkil qildi. Bu avvalgi yillarga nisbatan ikki barobarga ko‘p.

Bu yo‘nalishda umumiy qiymati 83,3 milliard so‘m investitsiya mablag‘lari hisobiga mehmonxona, kafe va restoran xizmatlari dam olish hamda transport xizmatlari tashkil etildi, 330 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Joriy yilda viloyat salohiyatidan kelib chiqib, 2 trillion 322 milliard 502 million so‘m bo‘lgan 239 ta loyihalarni amalga oshirish maqsadida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Hududlarning turizm salohiyati, mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, o‘sish nuqtalarini aniqlab, sayyohlarni jalb etish bo‘yicha asosiy drayverlar belgilab olindi. Bu yo‘nalishlarda 3 ta “Turizm mahallasi” va “Turizm qishlog‘i”, Farg‘ona shahridagi Sayilgoh, Yuksalish, Axmad Farg‘oniy, Kashtanzor ko‘chalari “Turizm mavzesi”, Qo‘qon shahrida 4 ta turizm ko‘chalari tashkil etiladi.

M.Sulaymonov,

O‘zA