Oxirgi daqiqa

2017-2024 yillarda O‘zbekiston eksportida qanday texnologik o‘zgarishlar yuz berdi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan mamlakatning 2017-2024 yillar oralig‘idagi eksport tarkibi tahlil qilindi. Tadqiqot Jahon savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya asosida amalga oshirildi.

Ushbu metodologiyaga ko‘ra, eksport qilinayotgan mahsulotlar texnologiya darajasi va qayta ishlash bosqichiga qarab quyidagi olti toifaga bo‘linadi: xomashyo mahsulotlari, qayta ishlangan resursga asoslangan mahsulotlar, past, o‘rta va yuqori texnologiyali mahsulotlar hamda tasniflanmagan tovarlar.

Tahlil natijalari so‘nggi yillarda O‘zbekiston eksport siyosatida sifat jihatidan muhim o‘zgarishlar kuzatilayotganini tasdiqlamoqda. Jumladan, xomashyo mahsulotlari eksporti keskin kamaydi, ya’ni 2017 yilda 36,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 17,3 foizgacha tushdi. Bu toifada asosiy eksport pozitsiyalarini mis (30,96%), sabzavotlar (18,6%), mevalar va yong‘oqlar (15,8%), tabiiy gaz (13,16%), shuningdek, kumush va boshqa qimmatbaho metallar (5,7%) egalladi.

Shu bilan birga, qayta ishlangan tabiiy resurslarga asoslangan mahsulotlar eksporti ikki barobarga o‘sdi: 2017 yildagi 3,9 foizdan 2024 yilda 8,4 foizga yetdi. Bu guruhdagi yetakchi mahsulotlar qatorida mineral xomashyodan tayyorlangan tovarlar, neft mahsulotlari, sement, g‘alladonli uni hamda noorganik tuzlar bor.

Past texnologiyali mahsulotlar ulushi ham ortib, 14,2 foizdan 17,1 foizga yetdi. Ushbu guruhdagi eksport tarkibida to‘qimachilik ipi, tayyor kiyim-kechaklar, trikotaj va paxta matolari kabi mahsulotlar ustunlik qilmoqda. Ayniqsa, tayyor mahsulotlarning ko‘payishi ushbu segmentda chuqur qayta ishlash jarayonlarining kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘rta texnologiyali mahsulotlar ulushi salmoqli darajada barqaror saqlanib qolgan, ya’ni taxminan 8 foiz atrofida. Ularning tarkibida o‘g‘itlar, avtomobil ehtiyot qismlari, polietilen, ichki yonuv dvigatellari va maishiy texnika asosiy o‘rinni egallaydi.

Yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportida esa sezilarli o‘sish kuzatildi: 2017 yilda 0,5 foizni tashkil etgan ulush 2024 yilga kelib 1,5 foizgacha oshdi. Bu sohada televizorlar, aylanuvchi elektr uskunalar, zamonaviy elektr apparaturalari va elektr energiyasi uskunalari asosiy eksport mahsulotlari sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Umuman olganda, so‘nggi yetti yillik tahlillar mamlakat eksport tarkibining bosqichma-bosqich texnologik jihatdan murakkablashib borayotganini, xomashyodan tayyor mahsulotlar eksportiga o‘tish jarayoni tezlashganini va sanoatlashuv darajasining oshib borayotganini ko‘rsatyapti. Bu jarayonlar O‘zbekistonning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi va milliy iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini kengaytirishga yo‘naltirilgan islohotlar samarasini namoyon etmoqda.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA